2014-yilning 18—22-avgust kunlari O‘zbekistondagi Britaniya Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari Universiteti (O‘zDJTU) hamkorligida “Ingliz tili o‘qituvchilari tayyorlashning yangi dasturi” (PRESETT) loyihasida qatnashayotgan ingliz tili o‘qituvchilari uchun trening tashkil etmoqda. Bugun shu munosabat bilan O‘zDJTUda trening-seminarning ochilish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Jorj Edgar, O‘zDJTU rektori Shuhrat Qayumov, Britaniya Kengashi direktori o‘rinbosari Jamila G‘ulomova hamda OTM bosh boshqarmasi, Ilmiy-pedagog kadrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Rustam Abdikarimov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga loyiha haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Har yili 500 dan ziyod o‘qituvchi loyiha ishchi guruhiga jalb etilsa, 3000 dan ortiq talaba yangi o‘quv dasturi bo‘yicha tahsil oladi. Loyiha mamlakatdagi 18 ta oliy ta’lim muassasalari, Norvich til o‘qitish instituti va “Ist Angliya” (University of East Anglia) universiteti o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi.
Ta’kidlash joizki, dastur jahon standartlariga javob beradigan o‘quv materiallari tayyorlash, sifatli baholash tizimini joriy etish, doimiy kasbiy rivojlanish hamda talabalarning mustaqil ishlashi masalalarini o‘z ichiga oladi.
Izoh (0)