2014-yil 17—19-avgust kunlari Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti Kim Yong Mok O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuradi. Bu haqda agentlik axborot xizmati ma’lumotiga tayanib, UzDaily.uz xabar bermoqda.
Tashrif chog‘ida Koreya tomonidan O‘zbekistonga beg‘araz yordam ko‘rsatilishining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilinadi. Shuningdek, KOICA prezidenti ikki davlat hamkorligida amalga oshirilayotgan va oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni ko‘rib chiqib, ayni damda loyihalar olib borilayotgan hududlarga tashrif buyuradi.
Bundan tashqari, Kim janoblari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari huzuriga, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga tashrif buyuradi. KOICA prezidenti volontyorlar bilan Toshkent viloyati Do‘stlik va Bo‘stonliq tumanlari qishloq hududlarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Semaul Undong” (“Yangi qishloq harakati”) dasturini ishga tushirish marosimida ham qatnashishni rejalashtirmoqda.
Ma’lumot uchun, hozirda KOICA agentligi tomonidan O‘zbekistonda bu yil uchun umumiy qiymati 9,2 million dollarga teng bo‘lgan sakkizta loyiha va bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)