Saudiya Arabistoni apellyatsion sudi 2014-yil 14-fevral kuni o‘z uyida “Sevishganlar kuni” munosabati bilan bayram oqshomini tashkil qilgan besh nafar fuqaroga nisbatan bundan avvalroq chiqarilgan shafqatsiz hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda mamlakat gazetasi “Al-Okaz”ga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Yoshlarning har biri 1000—1500 darra urishga mahkum etilib, besh yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilindi. Qamoq jazosini o‘tagach esa, ularning yana shuncha muddat davomida xorijga chiqishi taqiqlanadi.
Joriy yilning 14-fevral kuni Ezgulikni himoya qilish va illatlarni oldini olish komissiyasi huzuridagi Saudiya Arabistoni maxsus diniy politsiyasi tomonidan amalga oshirilgan reyd doirasida olti qiz hamrohlik qilgan besh nafar saudiyalik (shulardan uch nafari Qirollik xavfsizlik kuchlari xodimi) qo‘lga olingan edi.
Ular qo‘lga olingan vaqtda xonadonda bo‘lgan yengil alkogol ichimliklar, yurak shaklidagi bezaklar, sham va qizil atirgullar sudlanuvchilarga qo‘yilgan ayblov dalili bo‘lib xizmat qilgan. Bundan tashqari, ularning o‘zi ham “Avliyo Valentin kunini nishonlagani va raqsga tushgani”ni omma oldida tan olgan.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistonida “Sevishganlar kuni”ni nishonlash taqiqlangan. Unga rioya etilishini Ezgulikni himoya qilish va illatlarni oldini olish komissiyasi huzuridagi Saudiya Arabistoni maxsus diniy politsiyasi nazorat qiladi.
Izoh (0)