Joriy yilning 16—28-avgust kunlari Nankin shahrida o‘tkaziladigan II o‘smirlar yozgi olimpiada o‘yinlarida qatnashadigan O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari 11-avgust kuni Xitoyga jo‘nab ketdi. Sportchilar, an’anaga binoan, Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kuzatildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
“Ma’lumki, Nankin o‘yinlarining litsenziyalari uchun saralash musobaqalari o‘ta kuchli raqobat ostida o‘tdi va Xitoyga yo‘l olayotgan sportchilarimiz bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning ham eng kuchli sportchilari desam mubolag‘a bo‘lmaydi, — deydi O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari Murod Aliyev. — Shuni ishonch bilan aytish kerakki, o‘smirlar olimpiadasida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan sportchilarimiz Nankinda ham hech kimdan kam emasliklarini yana bir karra namoyon etadilar va Istiqlolning 23 yillik bayramiga o‘ziga xos sovg‘alar bilan qaytadilar”.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolarini kuzatish marosimiga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi rahbariyati, sportchi va murabbiylarning oila a’zolari, Respublika OAV xodimlari tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari samolyoti Seul (Janubiy Koreya) va Shanxay (Xitoy) shaharlari orqali Nankinga yetib boradi.
Eslatib o‘tamiz, Nankin o‘yinlarida dunyoning 204 davlatidan 3787 nafar sportchi dasturdan o‘rin olgan 30 sport turi bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib boradi. O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan 28 nafar sportchi esa sportning 14 turida bahsga kirishadi.
Izoh (0)