Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan 2014-yilning 10-avgustidan 10-sentabrigacha O‘zbekistonda jami 1885 ta maktab yarmarkalari tashkil etiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligining axborot xizmatiga asoslanib, “Kun” xabar berdi.
Maktab yarmarkalarining 979 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida (2 846 665 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan), 232 tasi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida (1 548 080 nafar o‘quvchi uchun), 398 tasi aholi gavjum bo‘lgan bozorlarda, 276 tasi esa yirik savdo majmualarida (jami 1 697 989 nafar o‘quvchi uchun) tashkil etiladi.
Qayd etilishicha, olis va borish qiyin bo‘lgan tog‘li hamda cho‘l hududlarga 130 ta ko‘chma avtodo‘kon xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekistondagi barcha maktab yarmarkalarida 26 turdagi zaruriy o‘quv qurollari va jihozlari sotuvi tashkil etiladi. Bular: o‘quvchi daftari, umumiy daftar, kundalik daftari, rasm daftari, ruchka, portfel (ranets), chizg‘ich, sirkul, akvarel bo‘yoqlari, rangli qalamlar, flomaster, vatman qog‘ozi, o‘chirg‘ich, plastilin, yelim (kley), rangli qog‘oz, qalam yo‘ng‘ich, qalamdon (penal), nota daftari, idora daftari, tush, oddiy va rangli bo‘r, barxat qog‘oz, qiz bolalar va o‘g‘il bolalar uchun poyabzallar, bolalar sport kiyimlari.
Mazkur mahsulotlarning aksariyat qismi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan bo‘lib, hozirda 6 million nafar o‘quvchi uchun ehtiyojlar zaxirasi shakllantirilmoqda.
Yarmarkalarda savdo ishlarini amaldagi soliq va bank qonunchiligiga to‘liq rioya qilgan holda o‘tkazish hamda aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida savdo tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik subyektlarida 1885 ta barcha turdagi to‘lov terminallari (UZKART, Visa, onlayn) o‘rnatilishi belgilangan.
Izoh (0)