Toshkentda avtomobilini belgilanmagan joyda qoldirgan yoki boshqa avtomobillar va piyodalarning harakatlanishiga halal beradigan darajada qo‘yib ketgan haydovchilarning uloviga “StopXam” (“To‘xta, surbet”) yorliqlarini yopishtirib ketishmoqda. Bu haqda “Kun” xabar berdi.
Ushbu aksiya kim tomonidan boshlangani, yorliqlarni kimlar yopishtirayotgani aniq emas, biroq ijtimoiy tarmoqlarda aynan qoidabuzar haydovchilarning avtomobillari shunday yorliqlar bilan belgilanganini isbotlovchi tasvirlar tarqalib ketgan.
Ijtimoiy tarmoqlarning foydalanuvchilari haydovchilarni bunday yo‘l bilan tarbiyalash borasida, odatdagidek, ikkiga bo‘lingan, deya xabar bermoqda Podrobno.uz. Aksariyat foydalanuvchilar bu fikrni ma’qullayotgan bo‘lsa, bu holatga qarshi chiqayotganlar ham bor.
Qayd etish joiz, “StopXam” harakati qo‘shni mamlakatlarda, asosan, Rossiyada ayniqsa faol bo‘lib, bunda hatto harakat ishtirokchilari qoidabuzar avtohavaskorlarning harakatlarini kuzatuv kameralariga yozib olib, alohida ko‘rsatuv holida internetga yuklaydi.
Toshkentda esa “StopXam” harakati a’zolari hozircha qoidabuzar avtomobillarning old oynasiga tegishli yorliqni yopishtirib ketish bilan cheklanmoqda.
Izoh (0)