“Perchini” va People’s restoranlari rahbarlari Novosibirskda savdo markazlari uchun yangi sharqona ko‘rinishdagi tarmoqning birinchi filiali — “Chuchvara” kafesini ishga tushirdi. Bu haqda “NGS Novosti” xabar berdi.
“RM Konsalting” kompaniyasi ish yurituvchisi Yelena Nevolinaning so‘zlariga ko‘ra, “Chuchvara” tarmog‘i loyihasi ikki yil ichida barcha katta savdo markazlari, xususan, yangi qurilayotgan “Novosibirsk galereyasi”ni ham egallab oladi. Loyiha doirasida jami to‘rtta kafe ochilib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Hozirda savdo markazlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.
“Perchini”, People’s, Park Cafe va New York Pizza Novosibirsk restoranlari qarashli bo‘lgan “RM Konsalting” kompaniyasi “Chuchvara”ni zamonaviy sharqona ko‘rinishga egaligini ta’kidlab, o‘zbekistonlik oshpazlar tomonidan tayyorlanadigan o‘zbek taomlari mijozlarga yevropacha xizmat orqali taqdim etilishini qayd etdi.
Kafening asosiy taomi chuchvara bo‘lib, uni 190 rubl (taxminan 12 400 so‘m)ga xarid qilish, shu bilan birga uning tayyorlanish jarayonini ovqatlanish zalidan turib kuzatish mumkin. Bundan tashqari, menyuga osh (taxminan 19 000 so‘m), somsa (7900 so‘m), sho‘rva (17 000 so‘m) kabi o‘zbek taomlari ham kiritilgan.
Mazkur loyihaga ajratilgan mablag‘ miqdori sir saqlanmoqda. Biroq xarajatlar taxminan 1,5 yil ichida qoplanishi ma’lum qilindi.
Ish yurituvchining aytishicha, hozirdanoq muassasa yaxshi natija ko‘rsatmoqda. “Chuchvara”ga, asosan, sharq taomlari ixlosmandlari bo‘lgan erkaklar tashrif buyurib, uni shahardagi “Baranjar” va “Ajikinejal” kafelari bilan solishtirmoqda.
Izoh (0)