Oliy liga 14-turidan o‘rin olgan so‘nggi o‘yin “Lokomotiv” va “Navbahor” klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda “temiryo‘lchilar” 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
O‘yin tezkor gol bilan boshlandi. Davralar oralig‘ida “Lokomotiv” tarkibiga kelib qo‘shilgan tajribali hujumchi Aleksandr Geynrix 8-daqiqadayoq hisobni ochdi. Bu gol mehmonlarni biroz dovdiratib qo‘ydi. Natijada ular himoyada pala-partish harakat qila boshladi. “Lokomotiv” esa o‘yinda tashabbusni qo‘lga olib, raqib darvozasi tomon xavfli hujumlar uyushtira boshladi.
Birinchi bo‘lim yakunlanish arafasida “Lokomotiv”ning yana bir yangi a’zosi Alisher Shog‘ulomov ham tabloga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘lim ham maydon egalarining hujumlari ostida boshlandi. Ammo toshkentlik futbolchilar bu hujumlarni golga aylantira olmadi. Vaqti-vaqti bilan qarshi hujumga o‘tib turgan namanganliklar ham hisobni qisqartishga muvaffaq bo‘lmadi. O‘yin 2:0 hisobi bilan yakuniga yetdi.
Shu tariqa “Lokomotiv” jamoasi ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshladi.
Oliy liga (14-tur)
“Lokomotiv” — “Navbahor”: 2:0
Gollar: Geynrix (8), Shog‘ulomov (42)
“Lokomotiv”: Ignatiy Nesterov, Shavkat Mullajonov, Salim Mustafoyev, Islom To‘xtaxo‘jayev, Dilshod Rahmatullayev, Ibrohim Rahimov, Fozil Musayev, Alisher Shog‘ulomov (Farhod Tojiyev, 46), Lutfulla To‘rayev, Ivan Nagayev (Jasur Xasanov, 46), Aleksandr Geynrix.
“Navbahor”: Doniyor Usmonov, Alisher Samatov (Alisher Mahmudov, 80), Rahmatullo Berdimurodov, Mansur Saidov (Shahboz Erkinov, 50), Azim Ahmedov, Otabek Valijonov (Ilxom Boydadayev, 50), Robbim Hasanov, Tohir Shamsiddinov, Yuriy Rijko, Ruslan Kachur, Bobir Akbarov.
Izoh (0)