Ukrainaning Donbass shahrida noma’lum uddaburon fuqarolar tomonidan aksilterror operatsiya (ATO) zonasiga ekskursiya uyushtirish haqidagi e’lonlar osib qo‘yildi. Bu haqda “Segodnya” xabar berdi.
“Ukraina armiyasi izidan” deb nom berilgan sayohat nafaqat Slavyansk, Kramatorsk, Krasniy Liman, Lisichansk, Severodonetsk singari ozod etilgan shaharlar, balki harbiy harakatlar olib borilayotgan hududlarga ham safar qilishni ko‘zda tutadi.
Ekskursiya narxi 1000—8000 grivna (82—652 dollar atrofida) bo‘lib, unda qatnashishni istovchilar himoya formasi bilan ta’minlanadi. Biroq e’londa qayd etilgan raqam bir necha kundan beri javob bermayapti.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur sayohat haqida ATO shtabi ham xabar topgan. ATO matbuot ofitseri Aleksey Dmitrashkovskiy sayohatchilar buzilgan uylarni tomosha qilib, xarobaga aylangan binolar, jumladan Slavyanskdagi Ukraina xavfsizligi binosi oldida suratga tushishini aytib, bunday ekskursiyaga o‘zining norozi ekanini bildirdi.
“Agar turistlardan birortasi gilza yoki snaryad qoldig‘ini topib olsa, uni trofeydek e’zozlab, o‘ziga olib qolishi mumkin”, — dedi Dmitrashkovskiy. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, sayohatni olib boruvchilar “Donetsk xalq respublikasi” kelgan vaqtda nimalar bo‘lgani, shaharlarning qanday ozod etilgani haqida aytib beradi.
Bunday ekskursiyalar Chernobil yoki Pripyatga sayohatday bo‘lib, ular, asosan, xorijliklar uchun mo‘ljallangan.
Donetsk taksichilarining ma’lum qilishicha, ular ham shu turdagi sayohatlarni uyushtirayotgan ekan. Ulardan biri Aleksey Kichek bir necha bor odamlarni Donetskdan Slavyansk, Kramatorsk, Snejnoye, Torezga olib borib, yana qaytib olib kelganini aytib berdi. “Ayrimlar hali ozod etilmagan shaharlarga ham borishni istaydi. Men esa, albatta, rad etaman! Narxlarni hisoblagich bo‘yicha xalqaro tarif — 8 grn/km (0,65 dollar / kilometr)ni e’tiborga olgan holda aytaman”, — deydi taksichi.
Izoh (0)