Ukraina Oliy Radasi Arseniy Yatsenyukni Bosh vazir lavozimidan ozod etmadi. Ma’lum bo‘lishicha, faqatgina 16 deputat unga nisbatan ishonchsizlik ovozini bergan. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Arseniy Yatsenyuk qaytishi bilan “Bugun jahon iqtisodiyotida ikkita yangilik. Birinchisi, Argentina defolt e’lon qildi. Ikkinchisi, Ukraina defolt e’lon qilmadi va hech qachon e’lon qilmaydi ham”, — deb aytdi.
Uning qaytishiga byudjet va soliq kodeksiga Yatsenyuk talab qilgan o‘zgartirishlarning kiritilishi Rada tomonidan ma’qullangani sabab bo‘ldi.
Qabul qilingan byudjet o‘zgarishlari, eng avvalo, Ukraina sharqidagi operatsiyalarni davom ettirish uchun harbiy xarajatlarni oshirish bilan bog‘liq.
Mamlakat prezidenti Pyotr Poroshenko ayni damda Ukraina uchun birlashgan, ishonchli hukumat kerak ekanligini aytib, “Prezident, hukumat va parlament o‘rtasidagi samarali hamkorlik o‘zining mevasini berishiga ishonaman”, — deb ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk iste’fo arizasini o‘tgan haftada bergan edi. U Rada tomonidan hukumatning bir qancha tashabbuslari rad etilgach, shunday qarorga kelgan edi.
Izoh (0)