Kuzda taqdim etilishi kutilayotgan iPhone 6 smartfoni displeyida sapfir billuri ishlatilishi va uni pichoq bilan ham qirib bo‘lmasligi haqida xabar qilingan edi. Undan keyin taqdim etilgan video esa iPhone 6 displeyini qumqog‘oz bilan qirish mumkinligini ko‘rsatdi va unda sapfir billuri ishlatilmaganligi isbotlagandek bo‘ldi.
“Parol” nashrining Phonearena.com ma’lumotiga asoslanib xabar berishicha, sapfir billurini ishlab chiqarish hajmi oshmagan. Shuningdek, hozirda iPhone displeylarida foydalanilayotgan Gorilla Glass’ni ishlab chiqarish hajmi ham pasaymagan.
Bundan taxmin qilish mumkinki, Apple sapfir billurini buyurtma qilmagan va iPhone 6 uchun Gorilla Glass ishlatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Ta’kidlash kerak, Apple kompaniyasining Mesa shahrida sapfir billurini ishlab chiqaruvchi zavodi bor. Balki bu tadqiqotchilarning nazaridan chetda qolgan bo‘lishi ham mumkin. Shu bilan birga Apple kompaniyasi kattaroq iPhone displeylarini ishlab chiqarish uchun fevral oyida sapfir billuri olinadigan pechlarni sotib olgan edi.
Ayrim tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, sapfir billuri Gorilla Glass’dan 30–35 dollar qimmatligi sabab, 4,7 dyuymli iPhone 6 displeyida ishlatilishi va u ishlatilgan smartfonlar boshqalariga nisabatan qimmatroq sotilishi mumkin.
Boshqa tadqiqotchilar esa faqatgina 5,5 dyuymli iPhone 6 planshetofonida sapfir billuri ishlatiladi, deb taxmin qilmoqda.
Izoh (0)