27-iyul kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Pensilvaniya shtatida professional boks kechasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sports.uz xabar berdi.
Shouning qiziqarli janglaridan biri super og‘ir vazn toifasining reyting pog‘onalarida tobora ko‘tarilib borayotgan o‘zbekistonlik Ahror Muralimov ishtirokida kechdi.
Ahror bu safar amerikalik Jeyson Bergman bilan ringda to‘qnash keldi. Ta’kidlash joiz, Bergman o‘ta og‘ir vazn toifasining WBA yo‘nalishi NABA USA chempionlik kamarlari sohibi hisoblanadi.
Kutilganidek, bellashuvda Muralimov yaxshi start ola bildi va ikkinchi raundning o‘zidayoq raqibini nokautga uchratib, chempionlik kamari sohibi bo‘ldi. Ahror shu vaqtga qadar, professional ringda 15 ta jang o‘tkazib, barchasini g‘alaba bilan yakunlagan. Shulardan 12 tasini nokaut bilan nihoyasiga yetkazgan.
Jeyson ham katta ringda yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan o‘ta tajribali bokschilardan biri hisoblanadi. U 35 jang o‘tkazib, shularning 23 tasida g‘alaba qozonib, 10 mag‘lubiyat va ikki durangni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan. G‘alabalarining 16 tasini muddatidan ilgari yakunlagan.
Izoh (0)