Avval xabar berganimizdek, Facebook o‘qishga vaqt yetmay qolgan xabarlarni saqlab qo‘yish uchun Save funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgan edi. Endi bu funksiya ishga tushirildi. Bu haqda TechCrunch xabar berdi.
Save funksiyasi yordamida veb-sahifa linklari, joylar, musiqa, kitob, filmlar, teleko‘rsatuvlari va tadbirlarni saqlab qo‘yish mumkin. Buning uchun yangiliklar lentangizda ko‘ringan va keyinroq o‘qishni rejalashtirgan xabaringizning o‘ng tomon, tepasidagi burchak shaklidagi belgini bosasiz. Shundan so‘ng xabarni Save tugmasi yordamida saqlab qo‘yasiz.
Saqlab qo‘yilgan xabarlar asosiy menyudagi Saved bo‘limi orqali topiladi. Saved bo‘limi ham linklar, joylar, musiqa, kitob, film, ko‘rsatuvlar va tadbirlar hamda arxiv ruknlariga ajratilgan.
Saqlab qo‘yilgan xabarni o‘qib bo‘lganingizdan so‘ng uni o‘chirib yuborishingiz mumkin. Agar saqlab qo‘yilgan xabarni o‘qimasdan o‘chirib yuborsangiz, uni arxiv ruknidan topishingiz mumkin.
Shuningdek, saqlab qo‘yilgan, lekin hali o‘qilmagan xabarlar haqida Facebook sizni ogohlantirib turadi.
Izoh (0)