O‘zbekiston Hisob palatasi va Moliya vazirligi 2014-yil birinchi yarmi davomida 143 ta budjet tashkilotida moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zAga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
Xususan, O‘zbekistondagi pedagogika yo‘nalishidagi yettita OTM tekshirilganda o‘zlashtirishining yakuniy ko‘rsatkichlari sun’iy ravishda oshirilgan talabalarga stipendiyalar ortiqcha to‘langani aniqlangan.
Jumladan, Toshkent davlat pedagogika universitetida 105,6 million so‘m, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida 43,2 million so‘m, Toshkent viloyat davlat pedagogika institutida 20,2 million so‘m, Nukus davlat pedagogika institutida 16,9 million so‘m, Qo‘qon davlat pedagogika institutida 9,2 million so‘m stipendiya ortiqcha to‘langan.
Xabar berishlaricha, nazorat yakunlari bo‘yicha moliyaviy huquqbuzarlik va kamchiliklar aniqlangan tekshirish materiallari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.
O‘zAning eslatishicha, “budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda davlat moliyaviy nazorati tizimli asosda davom ettiriladi va ajratilayotgan budjet mablag‘laridan nooqilona, maqsadsiz foydalanishga yo‘l qo‘ygan har qanday mas’ul xodim qonunchilik doirasida javobgarlikka tortiladi”.
Izoh (0)