Mirjalol Qosimov O‘zbekiston terma jamoasining “Navbahor”ga qarshi o‘tkazgan nazorat bahsi haqida fikr bildirdi. Bu haqda Championat Asia nashri xabar berdi.
O‘yindan so‘ng bosh murabbiy Mirjalol Qosimov qisqacha intervyu berar ekan, jurnalistlardan bu jamoani milliy terma jamoa deb yozmaslikni so‘radi.
“Avvalo jurnalistlarga bir narsani aytib qo‘yishim kerak, bu milliy terma jamoa ham, olimpiya termasi ham emas, — deya ta’kidladi Mirjalol Qo‘shoqovich. — Bu Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan jamoadir. 1991-yilda tug‘ilgan va undan kichik futbolchilardan iborat jamoa. Lekin ko‘p joylarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘in o‘tkazyapti, deb yozilmoqda”.
Bosh murabbiy uchrashuvni izohlar ekan, birinchi bo‘limda to‘p surgan yigitlarning ham yomon harakat qilmaganini ta’kidladi.
“Faqat birinchi bo‘limda ‘Navbahor’ o‘zining asosiy tarkibini qo‘ygani bois bizga qiyin bo‘ldi. Ikkinchi taymda tarkibni to‘liq yangiladik. Raqib safida ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Shundan so‘ng o‘yinimiz qovushib ketdi. Lekin jamoa o‘yinini yanada o‘stirish kerak. Osiyo o‘yinlarida bizga oson bo‘lmaydi”, — dedi Mirjalol Qosimov.
Eslatib o‘tamiz, 22-iyul Toshkentning “Jar” o‘yingohida O‘zbekiston terma jamoasi to‘qqiz kunlik yig‘in doirasida “Navbahor”ga qarshi nazorat bahsini o‘tkazib, 5:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Izoh (0)