Donetskning “Shaxtyor” futbol klubida to‘p suruvchi olti nafar o‘yinchi Fransiyaning “Lion” jamoasiga qarshi o‘yindan so‘ng, Ukrainaga qaytishdan bosh tortdi. Bu haqda Canal+’ning rasmiy tvitteriga asoslanib, Stadion.uz xabar berdi.
“Shaxtyor” futbolchilari — braziliyalik Teysheyra, Fred, Dentino, Duglas Kosta, argentinalik Ferreyra va yana bir shaxsi ma’lum qilinmayotgan futbolchi Ukraina sharqi, xususan, Donetskdagi notinch vaziyat tufayli u yerga qaytib borishni xohlamayapti.
O‘z navbatida, Xarkovning “Metallist” futbol klubida to‘p suruvchi uch nafar argentinalik futbolchi — Xose Sosa, Alexandro Gomes va Jonatan Kristaldo ham Argentinada qolishga qaror qildi.
“O‘zimizni bexavotir his qilmaydigan mamlakatda qolishdan ma’no yo‘q. Biz u yerdagi vaziyat barqarorlashmaguncha Argentinada qolamiz, shartnomalarimiz bekor qilinmaydi”, — dedi Gomes.
“Malayziya samolyoti bilan sodir bo‘lgan hodisa bizning sabr kosamizni to‘ldirgan so‘nggi tomchi bo‘ldi. Mening ayolim va kichik o‘g‘lim bor, men ularning hayotini xavf ostiga qo‘ya olmayman. Men oilam uchun javobgarman”, — deya Gomesning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Infobae.
Ma’lumot uchun, futbol bo‘yicha Ukraina chempionatida o‘zbekistonlik yarim himoyachi Sanjar Tursunov (“Vorskla”) va hujumchi Maksim Shatskix (“Goverla”) to‘p suradi.
Izoh (0)