Toshkent shahridagi “Lokomotiv” istirohat bog‘ida jami 1200 kvadrat metr maydondan iborat kartodrom ishga tushdi. Bu haqda Podrobno.uz xabar berdi.
“Ferrari Kart” nomli mazkur attraksion o‘zining yo‘llari, chorraha va aylanma harakatlar, yo‘l harakat qoidalari belgilari va nazoratchidan iborat shaharcha ko‘rinishida qurilgan.
Istirohat bog‘i vakillarining aytishicha, shaharchadagi harakatning maxsus nozir tomonidan boshqarilishi bolalar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, avtomobil haydash va yo‘lda o‘zni tutish madaniyatini oshiradi.
“Ferrari Kart” shaharchasidagi transport vositasi bo‘lgan ekologik toza Ferrari Berg modelidagi velokartlar avtomobil ishlab chiqaruvchi mashhur kompaniyalarning dizaynerlik uylari bilan hamkorlik qiluvchi Gollandiyaning Berg kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.
Hozirda kartodromda bolalar (50 kggacha) va kattalar (70 kggacha) uchun mo‘ljallangan velokartlar mavjud. Bundan tashqari, Amerikaning Razor kompaniyasidan Razor Crazy Kart va Razor Go Kart elektr avtomobillari keltiriladi.
“Lokomotiv” vakillarining ta’kidlashicha, bunday attraksion Toshkentda ilk bor ishga tushirilgan.
Izoh (0)