Bugun, 16-iyul tongida FIFA referisi Ravshan Ermatov va uning yordamchisi Abdulhamidullo Rasulovlar Braziliyada o‘tgan jahon chempionatidan qaytib keldi, deya xabar beradi Sports.uz.
Toshkent xalqaro aeroportida hakamlarni kutib olish uchun ularning oila a’zolari, futbol jamoatchiligi, jurnalistlar va muxlislar hozir bo‘ldi.
— O‘zbekistonimizga sog‘-omon yetib kelganimizdan xursandmiz. Biz jahon chempionatida boshqargan umumiy o‘yinlarimiz sonini to‘qqiztaga yetkazib rekord o‘rnatdik. Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Biz hech kimdan kam emasmiz va kam bo‘lmaymiz ham”, deb biz yoshlarga aytgan shiorining amaldagi ifodasidir. Jahon chempionati o‘yinlarida biz ana shu so‘zlarni doimo yodimizda tutdik. Har bir o‘yin oldidan O‘zbekistonlik muxlislarning duolarini his qilib turdik. Jahonda O‘zbekiston futbolining obro‘sini ko‘tarishga urindik. Final oldidan ham ko‘pchilik bizning chiqishimizni kutgan edi. Buni bilib turardik. Biroq, vaziyat o‘zgarib qoldi. Lekin, bu narsa bizni o‘z ustimizda yanada qattiqroq ishlashga va navbatdagi jahon chempionatida o‘z orzuimiz sari harakat qilishga undaydi. Barchaga rahmat, — dedi Ravshan Ermatov.
— Men ham Ravshanning fikrlariga qo‘shilaman. Men uchun bu birinchi jahon chempionati. To‘rt yil avval o‘zbek hakamlari juda yuqori saviyani namoyish etishgandi va bu safar biz ana shu yuqori saviyani saqlashga harakat qildik. Jahon chempionati bu juda katta tajriba maktabi bo‘ldi. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan insonlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, — dedi FIFA referi yordamchisi Abdulhamidullo Rasulov.
Izoh (0)