Germaniya kansleri Angela Merkelning Facebook’dagi sahifasiga spam-xabarlar yopirildi. Bu haqda sahifani boshqaruvchi Nasroniy-demokratik ittifoq (NDI)ning onlayn-tahririyati axborotiga asoslanib, “ITAR-TASS” ma’lum qildi.
Hukumat rahbarining sahifasiga joylangan postlar ostida Merkelni millatchilar bilan solishtirib yozilgan ko‘plab izohlar paydo bo‘lmoqda. Sahifani nazorat qiladigan muharrirlar bir soat ichida yuzlab shunday xabar paydo bo‘layotganini ta’kidlab, bu spam holati ekaniga ishonch bildirmoqda.
NDI onlayn-tahririyati Merkelning muxlislarini kanslerning sahifasiga spam-hujum uyushtirilayotgani haqida ogohlantirib, foydalanuvchilar qoldirayotgan izohlar hujum natijasida paydo bo‘layotgan xabarlar orasida yo‘qolib ketayotgani uchun uzr so‘radi.
“Hatto spam uchun ham tarmoq odob-axloqi qoidasi bor: biz obyektiv va konsruktiv postlar qoldirilsa, xursand bo‘lamiz, biroq qonunchilikni buzadigan, haqorat, tuhmat va millatchilik yoki siyosiy-ekstremistik ruhdagi xabarlarni o‘chirib tashlashga tayyormiz”, — deb ta’kidladi tahririyat.
Izoh (0)