Avast nomli dasturlar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya eBay auksioni orqali 20 ta turli xil ishlatilgan smartfon sotib oldi va ular ustida tekshiruv o‘tkazdi. Ulardagi barcha ma’lumotlar o‘chirilgan bo‘lib, xotirasi xuddi yangi telefonlarniki kabi bo‘m-bo‘sh edi. Lekin natijalar shuni ko‘rsatdiki, xotirasi butkul o‘chirilganda ham smartfondagi ma’lumotlarning barchasi yo‘q bo‘lib ketmaydi. Bu haqda Mashable nashri xabar berdi.
Tekshiruvchilar telefon xotirasidagi ma’lumotlarni qayta tiklovchi dasturlar yordamida 20 ta telefondan o‘chirib yuborilgan ma’lumotlarni tiklashga urinishdi.
Tekshiruv davomida 20 dona telefondan jami 40 000 surat olindi. Ular orasida 1500 tasi farzandlar bilan tushilgan oilaviy, 250 tasi esa selfi suratlar bo‘lgan. Shuningdek telefonlar xotirasidan 750 ta elektron xat, 250 ta kontakt va manzillar qayta tiklandi.
Yuqoridagi tekshiruvlar faqatgina Android qurilmalarda o‘tkazilgan. iOS operatsion tizmida ishlaydigan qurilmalar xotirasidagi ma’lumotlarni esa tiklab bo‘lmaydi. Bunga sabab Apple qurilma xotirasidagi ma’lumotlarni o‘chirish uchun yaxshiroq ish bajaradi.
Avast xodimlarining fikricha, smartfon xotirasidagi ma’lumotlar o‘chirilgandan so‘ng ham ular bir faylda saqlanib qoladi. Ammo Apple qurilmalarida bunday emas, ular xotirasidan ma’lumot o‘chirilganda, barcha fayllar qayta yoziladi va ular yangilik paytidagi holatiga qaytadi.
Agar siz Android’da ishlaydigan qurilmangizni sotmoqchi bo‘lsangiz, bu fikringizdan qayting, yaxshisi uni uloqtirib yuboring. Yoki uning xotirasini biror video bilan to‘ldirish zarur. Masalan itingizning yugurib yurishini tasvirga olib, smartfon xotirasini to‘ldiring va shundan so‘ng uning barcha ma’lumotlarni o‘chiring. Lekin bu usul ham kafolatlangan natijani bermasligi mumkin, deyiladi xabarda.
Izoh (0)