O‘zbekiston milliy aloqa operatori — “O‘zbektelekom” aksionerlik kompaniyasi CDMA-450 standartidagi uyali aloqa tarmoqlarini kengaytirish fikridan qaytishi mumkin, deb xabar berdi “RIA Novosti”ga asoslanib “Noviy vek” nashri.
O‘zbekiston hukumati tomonidan avgust oyi so‘ngiga qadar Xitoy rivojlanish bankidan 100 million dollar miqdorida kredit jalb etish rejalashtirilmoqda. Mablag‘ “O‘zbektelekom” kompaniyasi loyihalari, xususan, CDMA-450 o‘rniga GSM standartini rivojlantirishga ajratiladi, — deb yozadi nashr.
Avvalroq kompaniya 2018-yilga qadar mamlakat hududida Uzmobile filiali bazasida GSM-tarmoq yaratib, uni CDMA-450 bilan bir qatorda foydalanishi haqida xabar bergan edi.
“O‘zbektelekom” milliy aloqa operatorining mazkur loyihasi 3,9 ming tayanch stansiyalari, 8 million raqamga mo‘ljallangan 4 ming radiorele qurilmalari komplektini o‘rnatishni ko‘zda tutadi.
Ma’lumot uchun, 2013-yil oxiriga kelib, EV-DO Rev.A texnologiyasi asosida ishlayotgan Uzmobile uyali aloqa tarmog‘i a’zolari soni 390 ming kishini tashkil etdi.
Izoh (0)