BM Store’ning qayta tiklangan Facebook’dagi sahifasiga ma’muriyat tomonidan “Yoz Samsung va BM Store bilan” nomi ostida o‘tkazilgan tanlov haqida xabar joylandi. Unga ko‘ra, Toshkentdagi BM Store onlayn-do‘koni Dubaydan — onlayn-do‘konning bosh ofisidan tanlovga doir barcha ma’lumotlarni yetkazib berish haqida buyruq olgan.
Dubaydagi ma’muriyat 3-iyul kuni tanlov jarayonlarini o‘rganib chiqish uchun huquqshunos va texnik mutaxassislardan iborat komissiya tuzdi. Tanlovning qat’iy yakuniy natijalari barcha manbalar komissiya tomonidan tekshirib chiqilgach, 10 kun ichida e’lon qilinadi, deb xabar qildi BM Store’ning Toshkentdagi ma’muriyati.
Facebook foydalanuvchilarining norozi kayfiyatda joylangan izohlariga javoban BM Store ma’muriyati bunday tanlov Toshkentda ilk bor o‘tkazilgani hamda ayrim texnik nosozliklar tufayli tushunmovchilik yuzaga kelgani haqida xabar joyladi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda faoliyat yurituvchi BM Store onlayn-do‘koni 25—30-iyun kunlari o‘tkazgan tanlovda Anton Kim g‘olib bo‘lgan edi. Biroq tanlovning g‘olibi 1-iyul 18:00 ga kelib o‘zgarib qolgan. Bu esa Facebook foydalanuvchilari orasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Natijada BM Store Facebook’dagi 5000 dan ortiq a’zosi bo‘lgan o‘z sahifasini o‘chirib tashladi. Sahifaga kirishga uringanda BM Store sahifasi o‘rniga Facebook bosh sahifasi ochilayotgan edi.
BM Store ma’muriyati foydalanuvchilardan Facebook‘dagi sahifaning vaqtincha yopib qo‘yilgani uchun uzr so‘rab, uning yana ishga tushganini aytdi.
Izoh (0)