Toshkentning Sergeli tumanidan Toshkent viloyatining To‘ytepa shahriga olib chiquvchi yo‘l qatnov qismlaridan birining o‘rtasida simyog‘och bor. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi joylashtirilgan fotosuratlar guvohlik bermoqda, deb yozadi “Kun”.
Suratlarda yangi qurilgan, asfaltlari ham yangi bo‘lgan, qarama-qarshi qatnov qismlari beton to‘siqlar bilan ajratilgan yo‘lning bir tarafida bevosita yo‘lning ustida simyog‘och turganini ko‘rish mumkin.
E’tiborli tomoni, yo‘l hali umumfoydalanishga topshirilmagan, unda mashinalarning faol qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan, biroq simyog‘ochga ulangan simlar undan hali ham foydalanishayotganini anglatadi.
Nima uchun bu simyog‘och yo‘l o‘rtasida qolib ketgani, nima uchun yo‘l chetiga ko‘chirilmagani haqida ma’lumotlar berilmagan.
Qayd etish joiz, ushbu holat avvalroq Xitoyda sodir bo‘lgan hodisani yodga soladi. O‘shanda yo‘l qurilishi ishlarini olib borayotgan kompaniya bevosita yo‘l quriladigan joyga tushgan uy egasi bilan kelisha olmagani sabab, uy yangi qurilgan yo‘lning o‘rtasida qolib ketgan edi.
Keyinchalik, uy buzilishi uchun xonadon egasini qoniqtiradigan tovon puli taklif qilinganidan so‘ng, uy buzilgan, yo‘lning o‘sha qismi qaytadan ta’mirlangan.
Izoh (0)