KXDR hukumati mamlakatning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Pxungeri poligonida olib borilayotgan faoliyatni to‘xtatib, u yerdagi barcha uskunalarni olib tashladi. Bu haqda Seulning “Xanguk ilbo” nashriga tayanib “ITAR-TASS” xabar berdi.
Janubiy koreyaliklar poligon hududida o‘tgan haftadan beri hech qanday faoliyat olib borilmayotganini aytdi. Biroq Seul KXDRning bu qarori nimadan darak berayotgani haqida aniq bir xulosaga kelmadi.
Taxminlarga ko‘ra, bu AQSh va Koreya Respublikasi kutayotgan ijobiy belgi yoki yomg‘ir mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘pirilishlardan jihoz va ishchilarni saqlash niyatida amalga oshirilgan harakat bo‘lishi mumkin.
Bundan avval Janubiy Koreya hukumati Pxungeri poligonida navbatdagi sinovlar uchun barcha jihozlar tayyor ekani va ular istalgan vaqt o‘tkazilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, shu kungacha Pxungerida yerosti yadro qurollari uch bor sinovdan o‘tkazilgan.
Izoh (0)