O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
El-yurtimiz uchun asrlar davomida ezgulik, saxovat, mehr-shafqat, qanoat va shukronalik ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga xos olijanob fazilatlarni, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash maqsadida:- 2014-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 28-iyun kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda Ramazon oyini joylarda milliy an’ana va qadriyatlar, urf-odatlarimizga uyg‘un va hamohang tarzda o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.Mazkur tadbirlarni o‘tkazishda muborak Ramazon oyining mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma’naviy poklik, shukronalik fazilatlarini, muqaddas dinimiz aqidalarini e’zozlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning muqaddas qadamjolarini obod etish borasida keng ko‘lamli savob va targ‘ibot ishlari tashkil qilinsin. Ushbu qutlug‘ oyda amalga oshiriladigan xayriya tadbirlari, ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha olib boriladigan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilsin.
- O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
- Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Toshkent shahri,2014-yil 24-iyun
Manba: O‘zA
Izoh (0)