2014-yilning 19—23-iyun kunlari Moskva shahrida taekvondo bo‘yicha paralimpiyachilar o‘rtasida WTF jahon chempionati bahslari o‘tkazildi. Beshinchi bor o‘tkazilgan mazkur jahon chempionatida 70 dan ziyod davlatdan 200 nafardan ortiq taekvondo ustasi g‘oliblik uchun kurashdi. Ular orasidan ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi Sanjar Muxtorov va Qudrat Bakayevlar ham o‘rin egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Og‘irlik vazni -61 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Sanjar Muxtorov yarim finalga qadar kechgan bahslarni g‘alaba bilan yakunladi va jahon chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ushbu vaznda turkiyalik Mexmet Sarach birinchi, mo‘g‘ilistonlik Shinebayar Batbayar ikkinchi, Sanjar Muxtorov (O‘zbekiston) va Damyan Kubiak (Polsha) uchinchi o‘rinlarni egalladi.
Ta’kidlash joiz, Sanjar Muxtorov O‘zbekiston paralimpiyachilari orasida taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempionatida sovrindor bo‘lgan birinchi sportchi hisoblanadi.
Izoh (0)