20-iyun, juma kuni O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalarida qabul komissiyalari o‘z ishini boshladi. Bu ma’lumotni, xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti vakillari tasdiqladi, deb yozadi “Kun”.
Abituriyentlar 20-iyul, yakshanba kuniga qadar soat 9:00 dan 18:00 gacha qabul komissiyalariga kelib, o‘z hujjatlarini topshirishlari mumkin.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining ma’lum qilishicha, abituriyentning hujjatlari to‘plamida ta’lim yo‘nalishi, o‘qitish tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza; ta’lim haqida hujjatning asl nusxasi (attestat, kollej/litsey diplomi); 086—U shakldagi tibbiy ma’lumotnoma; pasport nusxasi; 3,5×4,5 hajmda (pasportdagi kabi) 6 ta fotosurat bo‘lishi kerak.
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqa g‘oliblari o‘qishga tanlovsiz kirish huquqini beruvchi hujjatning asl nusxasini taqdim etishlari kerak bo‘ladi. Abituriyent qabul komissiyasiga pasport va harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjatni shaxsan ko‘rsatadi.
Ayni vaqtda, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism tavsiyanomasiga ega bo‘lgan abituriyentlar tegishli tavsiyanomani ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga 20-iyulgacha taqdim etishlari kerak, undan keyin topshirilgan tavsiyanoma qabul qilinmaydi.
Abituriyent hujjatlarining to‘liqligi tekshirilgandan so‘ng, u veb-kamera orqali suratga tushiriladi va hujjatlar qabul qilinadi. Suratga tushirish uchun har bir OTM qabul komissiyasida alohida burchak yoki xonalar tashkil etilgan bo‘lib, ushbu surat abituriyentlar bazasiga kiritiladi va DTMga yuboriladi.
Suratga tushmagan abituriyentning hujjatlari qabul qilinmaydi. Abituriyentlar tomonidan qayd etilgan talablar bajarilganda ularning hujjatlarini qabul qilish rad etilmaydi va abituriyentga hujjatlari qabul qilinganligi haqida tilxat beriladi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili – 2013—2014 o‘quv yilida bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha 56,6 mingdan ortiq, magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 6,3 ming talaba o‘qishga qabul qilingan, o‘qishga kirish uchun esa 480 mingdan ortiq abituriyent hujjat topshirgandi. Undan avvalroq, 2012—2013 yilgi o‘quv yilida esa 432 mingdan ortiq abituriyent o‘qishga kirish uchun ariza topshirgandi.
Izoh (0)