AQSh mehnat vazirligining yillik an’anaviy tadqiqoti 2013-yilda amerikaliklar avvalgi yilga nisbatan ko‘proq uxlab, kam ishlaganini ko‘rsatdi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda.
“Kun” xabariga ko‘ra, American Time Use Survey’ning yangi statistik ma’lumotlari retsessiyadan so‘ng beqaror bo‘lib qolayotgan AQSh iqtisodiyotidagi ahvolni ko‘rsatib beradi, shuningdek, keksa avlod vakillariga hordiq uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘layotganiga dalil bo‘ladi.
Ma’lum bo‘lishicha, dam olish va ish kunlarini ham qo‘shib hisoblaganda, 14 yoshdan katta amerikaliklar kuniga o‘rtacha 8 soatu 44 daqiqa uxlab, mehnat faoliyati bilan kuniga 3 soatu 28 daqiqa band bo‘lgan.
2003-yilda o‘tkazilgan ilk shunday tadqiqot bilan taqqoslaganda, amerikaliklar 10 daqiqa ko‘proq uxlab, 14 daqiqa kamroq ishlashni boshlagan. 2012-yilgi natijalar bilan qiyos ham deyarli shunday tendensiyani ko‘rsatgan.
Gazetaning aniqlik kiritishicha, ushbu holatda ishlovchi va ishsiz amerikaliklar uchun umumiy statistika keltirilgan. Agar faqat AQShning ish joyi bor fuqarolarini hisobga olsa, ular 2013-yil davomida kuniga o‘rtacha 7 soatu 33 daqiqa ishlagan. Bu 2003-yildagi ko‘rsatkichdan bir daqiqaga kamroq.
Shuningdek, ma’lum bo‘lishicha, televizor ko‘rish amerikaliklarning eng sevimli mashg‘uloti bo‘lib qolishda davom etmoqda.
Izoh (0)