Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida 17-iyun kuni O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tadbirda Pak Kin Xe ikki mamlakat o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yuksak qadrlashini, o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini alohida qayd etdi.
Forumda Janubiy Koreya ishbilarmonlariga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, sohaga sarmoya kiritishning istiqbollari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi qulaylik hamda imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Biznes-forumda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sayyohlik, oziq-ovqat, yengil sanoat, to‘qimachilik va fan-ta’lim sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Anjumanda Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalaridan uch yuzga yaqin vakil ishtirok etdi. Hanjin Group, Hyundai Motor, Lotte Chemical, Hanwha Group, Daedong Industrial, Baum Architects, Bell Metal, LSC Food, Simpac, Nara, Shindong kabi kompaniyalar vakillari O‘zbekiston bozoridagi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mavjud hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida ekanini qayd etdi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja o‘tkazildi.
Biznes-forum va kooperatsion birja doirasida energetika, to‘qimachilik va yengil sanoat, axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar, ta’lim kabi ko‘plab sohalardagi hamkorlikka oid umumiy qiymati 2,4 milliard dollardan ziyod qator hujjatlar imzolandi.
Izoh (0)