Gretsiyaning Kavala shahrida maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan rapid – tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempionatida o‘zbekistonlik aka-uka Islombek va Javohir Sindorovlar g‘alaba qozondi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Nufuzli musobaqaning yetti yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida ishtirok etgan Islombek Sindorov to‘qqizta turning barchasida g‘alaba qozondi. Yosh shaxmatchi rossiyalik Aleksey Fadeyev, gretsiyalik Georgios Xatzigavriil, bolgariyalik Konstantin Georgiyev va Svetlen Ivanov, fransiyalik Rajat Makkar, ozarbayjonlik Ali Zuqanov, Fikrat Mustafozoda va Ayhan Jabborli hamda angliyalik Dhruv Radhakrishnanni mag‘lubiyatga uchratib, jahon chempioni bo‘ldi.
To‘qqiz yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘z iqtidorini namoyish etgan Javohir Sindorov ham turnir davomida mag‘lubiyatsiz o‘ynadi. U gretsiyalik Markoz Kazakos, rossiyalik Artyomiy Borisov, Lev Levkin, Mixail Druchenko, Georgiy Vdovin va Vladimir Anchikov hamda ozarbayjonlik Samad Aslanovni yengib, yana bir ozarbayjonlik shaxmatchi Martin Salomov va hindistonlik Lohiya Siddhant bilan durang o‘ynadi. To‘qqiz imkoniyatdan 8 ochko jamg‘argan Javohir Sindorov jahon chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)