O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Janubiy Koreya Prezidenti Pak Kin Xe Toshkentdagi International mehmonxonasida mahalliy koreys hamjamiyati vakillari bilan uchrashdi, deb ma’lum qildi “Kun”.
Yonhap axborot agentligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston hozirgi kunda 180 mingdan ortiq etnik koreyslar uyi bo‘lib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng katta ko‘rsatkichdir.
“Ushbu tashrifim natijasida ikki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish va ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan hamkorlik loyihalarini yanada chuqurlashtirishni rejalashtirmoqdaman”, – dedi Pak Kin Xe.
Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekistondan boshlangan Markaziy Osiyo turnesi davomida o‘zi oktabrda taklif qilgan “Yevroosiyo tashabbusi” uchun yangi istiqbollar ochishni rejalashtirmoqda.
Ushbu tashabbus Yevroosiyo mamlakatlari o‘rtasida infratuzilmalarni qurish va savdoni erkinlashtirishni ko‘zda tutib, Yevropa Ittifoqiga raqobatchi bo‘ladigan yirik yagona bozorga aylanishni maqsad qilgan.
Janubiy Koreya prezidenti O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘z tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘lgan “Koreya yarimorolida ishonch jarayoni”, “Shimoli-sharqiy Osiyo tinchlik va hamkorlik nazari” va “Yevroosiyo tashabbusi” kabilar yuzasidan Toshkentning rasmiy ko‘magini olishga ham umid qilmoqda.
Bundan tashqari, Yonhap’ning Janubiy Koreya rasmiylariga asoslanib xabar berishicha, ushbu tashrif doirasida Shimoliy Koreyani yadro qurolidan holi hududga aylantirish masalasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi.
Avval xabar berilishicha, Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekistonga davlat tashrifining asosiy tadbirlari 17-iyunga mo‘ljallangan. Yonhap’ning xabar berishicha, Pak Kin Xe xonim chorshanba kuni Samarqandda mehmon bo‘lib, u yerdan Qozog‘istonga uchib ketadi.
Qayd etish joiz, Markaziy Osiyo turnesi doirasida Pak Kin Xe O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonda bo‘ladi.
Izoh (0)