Joriy mavsumda andijonlik g‘allakorlar 80 ming gektardan ziyod maydonda hosil yetishtirdi, deya xabar beradi O‘zA.
Viloyatdagi fermer xo‘jaliklari, mutasaddi idora va tashkilotlarning asosiy diqqat-e’tibori ana shu hosilni qisqa fursatlarda nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishga qaratilgan.
300 dan ziyod yuqori unumli kombayn, 1500 ga yaqin yuk avtomobillari va tirkamalar, 40 plugli traktor hamda yonilg‘i-moylash mahsulotlari yetkazib beruvchi va texnik xizmat ko‘rsatishga jalb etiladigan 250 dan ortiq transport vositalari mavsumga taxt qilib qo‘yildi.
“Mavsumga tayyorgarlik jarayonida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, olib borilayotgan targ‘ibot-tushuntirish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida panno va shiorlar tayyorlanib, yo‘llar chetiga o‘rnatildi”, – deydi Andijon viloyati IIB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi muhandisi, mayor Erkin Jabborov. Shuningdek, 12 xil ko‘rinishdagi eslatma va plakatlar, murojaatnomalar tayyorlanib, aholi ko‘p yig‘iladigan joylarga, shiyponlar, g‘allani qabul qilish, saqlash hamda qayta ishlash korxonalariga, o‘rish va tashishda qatnashadigan transport vositalariga joylashtirildi.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli 3 donni qayta ishlash, 14 donni qabul qilish va saralash korxonalarida mavsumga tayyorgarlik, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi. Aniqlangan kamchilik va nuqsonlarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Izoh (0)