O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinsh 27-may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.
Qisqa suhbatdan so‘ng Latviya delegatsiyasi shahar tashqarisidagi Ko‘ksaroyda o‘zi uchun ajratilgan qarorgohga yo‘l oldi.
Navbatdagi O‘zbekiston – Latviya oliy darajadagi uchrashuviga O‘zbekiston Prezidentining 2013-yil oktabr oyida Riga shahriga tashrifi doirasida o‘tkazilgan samarali davlatlararo muloqotning mantiqiy davomi sifatida qaralmoqda.
Toshkentda tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama etadilar.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar orasidagi hamkorlari ichida o‘zaro savdo hajmi bo‘yicha Latviya uchinchi o‘rinda turadi. 2013-yil yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 248 million AQSh dollaridan oshgan.
Latviya Prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasidagi asosiy tadbirlar 28-mayga mo‘ljallangan.
Avval xabar qilinganidek, muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida turli sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator hujjatlarni imzolash rejalashtirilgan.
Izoh (0)