“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Samarqand viloyati tuman va shaharlarida namunaviy maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Oqdaryo tumanidagi “Lola” 6-maktabgacha ta’lim muassasasi ana shunday zamonaviy maskan sifatida foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi O‘zA.
100 o‘rinli bog‘chaning yangi binosida tarbiyalanuvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Oshxona, yotoqxona, tadbirlar o‘tkazish zali va mashg‘ulot maydonchalari zamonaviy tarzda jihozlangan.
– Muassasamiz zamonaviy binoda faoliyat ko‘rsata boshladi, – deydi muassasa mudirasi Robiya Yusupova. – Bundan ota-onalar ham, tarbiyachilar ham xursand. Ayniqsa, tarbiyalanuvchilarimizning quvonchi cheksiz. Endigi vazifamiz ta’lim-tarbiya jarayonini yuqori darajaga ko‘tarishdir. Shundan kelib chiqib, ingliz tili, badiiy gimnastika, karate, raqs to‘garaklari tashkil etdik.
2014-yilda viloyatning barcha tuman va shaharlarida shu kabi namunaviy bog‘chalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Izoh (0)