Malayziya hukumati 2014-yil martida yo‘qolgan Boeing 777 samolyotining harakat yo‘nalishi to‘g‘risidagi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini e’lon qildi. Bu haqda Malayziya fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga asoslanib, Agence France-Presse xabar bermoqda.
“Kun”ning qayd etishicha, ushbu ma’lumotlarning chop etilishini yo‘qolgan samolyotdagi yo‘lovchilarning qarindoshlari talab qilgan edi.
BBC News’ning yozishicha, 47 sahifadan iborat hujjatda samolyotning sun’iy yo‘ldosh bilan aloqasi soatma-soat qayd etilgan bo‘lib, aynan shu ma’lumotlarga asoslanib, tergovchilar layner o‘z parvozini Avstraliya qirg‘oqlari yaqinida to‘xtatgan, degan xulosaga kelgan edi.
Malaysia Airlines’ning Kuala-Lumpurdan Pekinga uchib ketayotgan Boeing 777 samolyoti 8-martga o‘tar kechasi radarlardan yo‘qolib qolgan edi. Kema bortida 239 kishi bo‘lgan.
Hozirgi vaqtda kemani izlash ishlari Avstraliya qirg‘oqlari yaqinida olib borilmoqda. Ayni paytda Avstraliya hukumati yangi, chuqur suvlarda izlash ishlarini olib borishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Izoh (0)