2014-yilning 2—4-may kunlari Italiyaning Milan shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Jahon kubogining birinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbekistonlik kanoechilar bittadan oltin va bronza medalga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xotin-qizlar o‘rtasida ikki kishilik qayiqda 500 metr masofaga o‘tkazilgan poygada Yuliya Soy va Yekaterina Zarkova marra chizig‘iga 2 daqiqa-yu 08,781 soniyada yetib kelib, birinchi o‘rinni egalladi. Yuliya Soy 200 metr masofaga o‘tkazilgan poygada 51,637 soniya natija ko‘rsatib, bronza medal sovrindori bo‘ldi.
Dunyoning 37 davlati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekistonning 15 nafar sportchisi ishtirok etdi.
Jahon kubogining ikkinchi bosqich musobaqalari 15—18-may kunlari Chexiyada o‘tkaziladi. Musobaqada O‘zbekiston sharafini 8 nafar sportchi himoya qiladi.
Izoh (0)