O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova “Dilbarim” qo‘shig‘iga ishlangan klip syomka jarayonida jabrlangan aktrisa Sabrina Jabborova voqeasiga munosabat bildirdi.
— Bu hodisa haqiqatan klipim syomkasida bo‘lgan. Avvalo klip syomkasi jarayoni qanday o‘tkazilishi haqida aytib o‘tmoqchiman. San’atkor buyurtmachi. Suratga olish guruhi ishni tugatib san’atkorga topshiradi. Ijodiy guruhdagi aktyor, aktrisa, texnik xodimlar, ularning xavfsizligi uchun men javob bermayman. O‘sha kuni syomkada men bo‘lmaganman. Voqea haqida telefonda eshitdim. Aktrisa o‘sha yerdagi ommaviy sahna aktrisasini mashinada urib ketibdi, deyishdi. Men hayron bo‘ldim, chunki ssenariy bo‘yicha hech kim mashina haydashi kerak emasdi. OAVda yordam qilinmagan, qon yo‘qotilgan, 02 qilinmagan, degan gaplar ketyapti. Lekin hech kim qarab turgani yo‘q. 02 va 03 ga qo‘ng‘iroq qilingan, vaqtlari ham turibdi.

Mayli, minnat bo‘lmasin, mening administratorim bir oy Sabrinaning uyida yashadi. Kasalxonada nafaqat men, balki suratga olish guruhi hamma qo‘lidan kelgan yordamini qildi. Operatsiya noto‘g‘ri qilinib, bir oyog‘i kalta bo‘lib qolgan, degan ma’lumotni ham men OAVdan bildim. Yanvar oyida ham Sabrina o‘rnidan turib, syomkalarga borib yurganini eshitib biz xursand bo‘ldik. Uni Yangi yilda ham borib tabriklab kelishdi. Biz Sabrina oyoqqa turibdi, deb xursand bo‘ldik. Mart oyida ham har oy berilayotgan moddiy yordamni berib kelishdi, unaqa gap yo‘q edi. Men unga qo‘limdan kelganicha yordam qilganman. Bundan keyin ham yordam beraman. Hech kim chapak chalib o‘tirgani yo‘q.
Sabrina oyoqqa turishi uchun, yashash sharoitini yaxshilab, qo‘ldan kelgancha yordam berdik. Shifokorlar 3 oydan 5 oygacha reabilitatsiya bo‘lishi mumkin, degani uchun Sabrina uyda boquvchi bo‘lganini hisobga olib, 5 oy davomida yashash xarajatlarini ko‘tarishga qaror qildik. Sabrinaning ota-onasiga hamdardlik bildiraman. Yaxshi ish bo‘lmadi, afsusdaman, deydi xonanda.
Izoh (0)