Markaziy bank qarori asosida 2022-yilning oktyabr oyida “Turkistonbank” va Hi-Tech Bank xususiy banklaridan faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olingan va ular bankrot deb e’lon qilingan edi. Tugatish komissiyasi tuzildi.
Ikkala bank tomonidan ham “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 54 va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgan.
“Turkistonbank”da aholining 339 milliard so‘m, Hi-Tech Bank’da esa 5 milliard so‘mlik omonati bo‘lgan.
Markaziy bankdagi 25-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev mazkur ikki bank ishi bo‘yicha Kuzatuv komissiyasi tomonidan ishlar davom etayotganligini ma’lum qildi.
Omonatlarni kafolatlash fondi tomonidan jismoniy shaxslarga omonatlar 100 foiz qaytarib berilgan.
Hozirgi kunda kuzatuv boshqaruvchisi tomonidan xatlash, kreditorlar, debitorlar bilan uchrashuvlarni birgalikda o‘tkazish ishlari amalga oshirilyapti. Bankka tegishli bo‘lgan barcha aktivlar to‘laqonli realizatsiya qilinganidan keyin albatta ham yuridik mijozlarniki, ham jismoniy shaxslarga Omonatlarni kafolatlash fondi tomonidan to‘langan omonatlar o‘z vaqtida qaytariladi.
“Turkistonbank” omonatchilariga berilgan 280 milliarddan oshiq mablag‘ hisob reyestrida turibdi, — dedi Nodirbek Saydullayev.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning qo‘shimcha qilishicha, ikki bank litsenziyasini olinishiga aktivlarni sifatsizligi, ya’ni kreditlarni qaytmagani sabab bo‘lgan.
Hozir tugatish komissiyasi o‘sha mablag‘larni qaytarganidan keyingina boshqa yuridik shaxslarga pul beradi va o‘z-o‘zidan bizni jamg‘armamizga ham bu pulni qaytaradi. Bu pullar solidar tarzda taqsimlanadi. Fondga pul kelib tushgani yo‘q, — dedi Mamarizo Nurmuratov.
Avvalroq mazkur matbuot anjumanida uy-joy uchun ajratilayotgan kreditlar foizi pasayishi kutilayotgani ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)