19-avgust kuni ertalab Finlyandiya parlamentining 30 yoshli deputati Eemeli Peltonen Eduskunta binosida jonsiz holda topildi. Bu haqda MTV Uutiset xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, hodisa haqidagi xabar favqulodda xizmatlarga soat 11:06 da yetib kelgan. Gazeta manbalari deputatning o‘z joniga qasd qilganini ta’kidlamoqda. Parlament xavfsizlik xizmati rahbari Aaro Toivonen Yle’ga bergan izohida bu ma’lumotlarni inkor etmagan.
Politsiya o‘lim holatini tekshirishni boshlagan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari jinoyat alomatlari aniqlanmaganini qayd etgan. Voqea joyida bir nechta politsiya patrullari va tibbiyot xodimlari faoliyat yuritmoqda. Vaziyatlar markazi Karhu maxsus bo‘linmasi parlamentga jalb qilinmaganini aniqlashtirgan.
Koalitsiya partiyasi fraksiyasi raisi Jukka Kopraning ta’kidlashicha, u fojia haqida yozgi vazirlar yig‘ilishida jurnalistlardan xabar topgan.
Uning aytishicha, halok bo‘lgan deputatning qaysi partiyaga mansubligini bilmaydi. Siyosatchi sodir bo‘lgan voqeani qayg‘uli va jiddiy hodisa deb baholagan.
Finlyandiya parlamenti binodan jasadi topilgan deputat Eemeli Peltonenning vafot etganini tasdiqlagan.
“Parlament binosida 19-avgust kuni ertalab vafot etgan shaxs Uusimaa saylov okrugidan birinchi chaqiriq parlament deputati Eemeli Peltonen ekani aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Parlamentda hozir yozgi ta’til davom etmoqda. Kuzgi sessiya 2-sentyabrga belgilangan.
Izoh (0)