Surxondaryo viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Rahmatullo G‘afforov tuman hokimiga hamma fermerlarni majlisga yig‘ib, birja tomonidan tashlab berilgan “blanka”ga muhr va imzo qo‘ydirishni topshirgani uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Bosh prokuraturaga murojaat qildi.
“Kun.uz” nashri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Rahmatullo G‘afforov topshirig‘i bilan fermerlar va klasterlar o‘rtasida 8-9 mln so‘mdan tuzilgan shartnomalarning hammasi o‘zgartirilib, paxta narxi tushiriladi.
Toshkentdan, birja tomonidan “blanka” tashlab berildi. Ertaga 100 foiz fermer xo‘jaliklari yig‘ilishda qatnashishi shart. Hamma fermer yig‘ilganida, shu “blanka”ga pechat bostirib, bir tarafiga imzo qo‘ydirib berishi kerak. Vazirlar Mahkamasining yangi chiqqan 574-sonli qarori ijrosi mana shu bilan bo‘lib ketadi. Qaytadan 6800 so‘mdan bo‘ladi, ustiga davlat subsidiya beradi, 1000 so‘m qo‘shilganidan keyin 7800 so‘m bo‘ladi. Oldingi tuzilgan, 8000-9000 so‘mdan sotilgan hammasi 100 foiz bekor bo‘ladi, Rahmatullo G‘afforov degan tuman hokimiga.
Paxta-to‘qimachilik klasterlari fermerlarga yetishtirilgan paxta uchun yil boshida tuzilgan shartnomalardagi narxda to‘lov qilishni istamayapti. Bunga jahon bozorida paxta xomashyosi arzonlashgani vaj qilib ko‘rsatilmoqda. Joylarda fermerlar klaster bilan tuzgan shartnomalarni o‘zgartirish bo‘yicha “ixtiyoriy-majburiy” tarzda qo‘shimcha shartnomalar tuzishga majburlanmoqda.
Ushbu masala Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Unda aytilshicha, Fuqarolik kodeksining 354-moddasiga ko‘ra fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar.
Shartnoma tuzishga majbur qilish mumkin emas. “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi qonunning 23-moddasiga ko‘ra, xo‘jalik shartnomalarini tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni qonun hujjatlariga muvofiq prokuratura organlari amalga oshiradi.
Shu bois kengash 25-sentyabr kuni Bosh prokuraturaga joylarda paxta yetishtiruvchilar va paxta-to‘qimachilik korxonalari o‘rtasida tuzilgan fyuchers shartnomalarini tuzish, bajarish, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan qonunchilikka rioya etilishini o‘rganib, prokuror nazorati hujjati qo‘llash masalasini ko‘rib chiqilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildi, deyiladi kengash axborotida.
Masala nimada?
Rahmatullo G‘afforov audioda aytib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining 574-sonli qarori bilan O‘zbekistonda fermerlar va klasterlar o‘rtasida paxta xomashyosini yetishtirish bo‘yicha yil boshida tuzilgan shartnomalarga qo‘shimcha kelishuvlar tuzilmoqda.
Yil boshida 2024-yil hosilidan birinchi nav ikkinchi sinf bir tonna paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxi, jahon bozoridagi oxirgi 12 oylik o‘rtacha kotirovkalardan kelib chiqib, 7 mln 800 ming so‘m deb e’lon qilingan edi. Shunga muvofiq, fermerlar va klasterlar o‘rtasida fyuchers shartnomalari tuzish bo‘yicha birjadagi savdolarga shu boshlang‘ich narx asos bo‘lgandi.
Biroq shundan keyin o‘tgan davrda jahon bozorida paxta xomashyosi narxi arzonlashdi. Vazirlar Mahkamasining 16-sentyabr kuni qabul qilingan “Paxta xomashyosi yetishtiruvchilarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ayni paytda jahon bozorida paxta xomashyosining boshlang‘ich fyuchers narxlari tonnasiga 6 mln 800 ming so‘m atrofida shakllanmoqda.
Hukumat bu vaziyatda paxta yetishtiruvchilar tomonidan birja savdolari orqali realizatsiya qilingan (elektron hisob-faktura asosida) bir tonna paxta xomashyosi (paxta-to‘qimachilik korxonalari tomonidan yetishtirilgan paxta xomashyosi hamda urug‘lik paxta bundan mustasno) uchun 1 mln so‘m miqdorida subsidiya ajratgan holda, 2024-yil uchun paxta yetishtiruvchilar va qayta ishlovchilar o‘rtasida birja savdolarida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha narxni pasaytirishga, minimal 6 mln 800 ming so‘m deb belgilashga qaror qildi.
Izoh (0)