Prezident Shavkat Mirziyoyev Olimpiya shaharchasi qurilishini borib ko‘rdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bu ulkan majmua kelgusi yil yurtimizda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari uchun qurilmoqda.
Musobaqalar Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan 29 ta sport turi bo‘yicha o‘tkaziladi. Ularda qitʼamizning 45 ta davlatidan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
100 gektar maydonga yoyilgan Olimpiya shaharchasida bularning barchasi uchun sharoit bo‘ladi. Bugungi kunda asosiy inshootlarda jadal qurilish ketmoqda. Xususan, 12 ming o‘rinli olimpiya stadioni, har biri 2 mingdan tomoshabinga mo‘ljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy o‘yinlar majmualari qad ko‘tarib qolgan.
Davlat rahbari ushbu inshootlarda bo‘lib, qurilishning borishini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilar ochilish marosimi va musobaqalar paytida bo‘lajak sharoitlar yuzasidan axborot berdi.
Shavkat Mirziyoyev qulaylik va xavfsizlik masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Bu jarayonlarni yuqori darajada raqamlashtirish, sunʼiy intellekt vositalaridan keng foydalanish lozimligini taʼkidladi.
Olimpiya shaharchasida, shuningdek, futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabi sport turlari bo‘yicha 15 ta ochiq maydon bo‘ladi. Muzey va ofislarni o‘z ichiga olgan maʼmuriy bino, bog‘lar, sunʼiy ko‘l barpo etiladi.
Prezident majmua bunyodkori — Xitoyning CAMC Engineering kompaniyasi mutasaddisi bilan ham suhbatlashdi.
Osiyo o‘yinlaridan keyin Olimpiya shaharchasidan samarali foydalaniladi. Prezident taʼkidlaganidek, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, o‘quv-mashg‘ulot markazi bo‘ladi. Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi shu yerda joylashadi. Professional sportchilarni tayyorlash va mahoratini oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Hududiy sport tashkilotlarining shaharcha infratuzilmasidan foydalanishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bu yerda “aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etiladi hamda ushbu shaharcha sport va sog‘lomlashtirish markazi sifatida uzoq yillar xizmat qiladi.
Izoh (0)