Joriy yilda O‘zbekistonda ayrim soliq stavkalari oshib, baʼzilari bekor qilinishi belgilangan. Iqtisodiyot fanlari doktori, professor Islombek Niyozmetov “Daryo”ga intervyu berib, soliq tizimining bugungi holatini tahlil qildi.
2025-yil 1-apreldan O‘zbekistonda aksiz solig‘i stavkalari oshiriladi. Mamlakatda benzin, dizel, gaz, propan va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish hamda sotish uchun aksiz solig‘i to‘lanadi. Bu turdagi soliq stavkasi oshirilishi bozorga qanday taʼsir ko‘rsatadi? Qaysi mahsulot va xizmatlar narxi o‘sishi mumkin? Aksiz solig‘ini oshirish to‘g‘ri qaror bo‘ldi deb o‘ylaysizmi?
Aksiz solig‘ini joriy qilishdan uchta maqsad ko‘zlanadi: inson va jamiyat uchun zararli mahsulotlar isteʼmolini cheklash, hasham (shohona) predmetlar qiymatini oshirish orqali isteʼmolga sarflanadigan daromadni ijtimoiy qayta taqsimlash, millatga tegishli tabiiy resurslardan olinadigan monopol foydaning bir qismini byudjetga kesib olib, jamiyat manfaatlari uchun ishlatish.
Siz sanab o‘tgan neft-gaz mahsulotlari uglevodorod bo‘lgani uchun atrof-muhitga zararli hisoblanadi. Shuning uchun ham aksizosti tovarlar turkumiga kiritilgan.
Agar davlat tom maʼnoda ekologik siyosat yuritayotgan bo‘lsa, atrof-muhit himoyasi uchun uglerod tarkibli mahsulotlar isteʼmolini cheklashga bo‘lgan harakatini oqlash mumkin. Biroq bu oxirgi chora sifatida qo‘llanilishi kerak. Demak, bundan oldin qilinishi lozim bo‘lgan quyidagi qator vazifalar bor:
- iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilishni rag‘batlantirish orqali ekologik toza tovar va xizmatlar ishlab chiqarilishini taʼminlash;
- chiqindilarni qayta ishlash va atrof-muhitga zararsiz utilizatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish;
- “eko-do‘st” yo‘l infratuzilmasini yaratish orqali transport vositalarining atmosferaga zararini kamaytirish;
- uglevodorod isteʼmoliga asoslangan transport vositalarini elektromobillarga almashtirishni rag‘batlantirish (soliq-bojxona imtiyozlari va subsidiyalar vositasida).
Endi ayting, sanab o‘tilgan choralarning qaysi biri bizda maromiga yetkazilib, qoyilmaqom qilib bajarilgan? Hech biri. Doim oxirgi chora bo‘lmish soliq yuki oshirib kelinmoqda.
Aksiz solig‘i stavkalarining oshirilishi bozorga qanday taʼsir ko‘rsatadi, deb savol berdingiz. Aslida, bozorda narx-navoning ko‘tarilishiga sabab bo‘luvchi birinchi omil – neft-gaz mahsulotlari qiymatining oshishidir. Iqtisodiyotda inflyatsiya darajasining ko‘tarilishiga bundan boshqa narsa kerak emas. Bu yog‘i multiplikator effekti bilan bir-biriga ulanib ketaveradi. Masalan, kommunal tariflar ortidan transport xizmatlari narxlari oshadi. Bular bir-biriga ulanib barcha tovar va xizmatlar narxi ko‘tarilishiga olib keladi. Narxlar oshishi isteʼmolni qisqartiruvchi omildir.

Joriy yilning 1-yanvaridan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari oshirildi (qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish suvidan va baliqchilikdan tashqari). Jumladan, korxonalarga bu turdagi soliq stavkasi ikki baravar, avtomobil yuvishga olti baravar oshirildi. Alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarishga solinadigan soliq ham 10 foizdan ko‘proq oshdi. Indeksatsiya qilingan stavkalar iqtisodiyot va aholi xarajatlariga qanday taʼsir qiladi? Masalaning qanday ijobiy yoki salbiy jihatlari bor?
Buning ijobiy jihati aholi va korxonalar suvdan o‘ylab foydalanadi, salbiy tomoni esa suv tarkibli tovar hamda xizmatlar narxi ko‘tariladi. Suv solig‘i stavkalari yuqorilashi ham iqtisodiy jihatdan xuddi aksizlar oshirilishi kabi effekt yuzaga keltiradi. Mazkur turdagi soliq oshirilishi ham aslida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni taʼminlash uchun qilinishi lozim bo‘lgan barcha ishlardan keyingi, oxirgi chora edi. Yaʼni avval suvni tejash bo‘yicha innovatsion yondashuvlar joriy etilishi lozim.
Davlat suvdan unumli foydalanish borasida yirik masshtabda qilishi zarur bo‘lgan ishlar qolib ketib, soliq solish bilan muammoni bartaraf qilaman deyapti. Yo‘q, bu to‘g‘ri chora emas. Davlat bu yerda fiskal maqsadni ko‘zlayapti. Aksiz va suv soliqlarining oshirilishi byudjetga pul tushirish uchun bahona xolos. Oxirgi yillarda byudjetning “tizzasi” qaltirab qolgan. Muntazam defitsitda yuribmiz, tashqi qarzga “o‘tirib qoldik”. Shuning uchun har bir narsadan byudjetga manba izlayapmiz.
Yanvar oyidan ayrim soliq imtiyozlari bekor qilindi. Masalan, tovar va xizmatlarni eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq imtiyozlari to‘xtatildi. Sizningcha, bu to‘g‘ri qarormi? Eksport hajmi o‘sishida soliq siyosatining o‘rni qanday bo‘lishi kerak?
Bu o‘zgarishni oqlayman. Eksportyorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llanadi. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqarib, xorijga sotilsa, mahsulotning tayyor holga kelguncha bo‘lgan QQSning barchasi tadbirkorga qaytariladi. Bu juda katta imtiyoz. Menimcha, biznesga shuning o‘zi yetarli. Aylanmadan olinadigan soliqdan, foyda solig‘idan imtiyoz berishga hojat yo‘q.
Bir tomondan mazkur qarorni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish yo‘lidagi qadami deb tushunish mumkin. Chunki tashkilotning “Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risida”gi bitimi talablaridan biri aynan shunday tartibni nazarda tutadi. To‘g‘ri, hukumat tashqi savdo balansini ijobiy tomonga burish, xorijiy valyuta oqimini kuchaytirish, jahon bozorlaridagi raqobatda narx orqali yutish maqsadlarida eksportni rag‘batlantirish yo‘lidan boradi. Buning uchun o‘z qo‘lidagi turli vositalaridan, shu jumladan soliq mexanizmidan foydalanadi. Lekin shu paytgacha fiskal siyosat mexanizmlarini qo‘llab erishilgan eksport natijalaridan ko‘ra, mamlakatning JSTga qo‘shilishidan kutilajak samaralar xalq uchun ancha foydali bo‘ladi.
Menimcha, aksariyat eksportyorlarimiz monopol mavqega ega. Shu bois, davlat tomonidan ularni ortiqcha siylashga hojat yo‘q. Raqobatbardosh mahsulot bo‘lsa, unga soliq imtiyozini ko‘paytirish noto‘g‘ri. Bu holat byudjet tushumlarini kamaytiradi.
2025-yildan mobil aloqa kompaniyalari uchun 10 foizlik aksiz solig‘i bekor qilindi. Natijada byudjetga 1,2 trln so‘mga yaqin mablag‘ tushmay qolishi aytilmoqda. Mazkur soliq bekor qilingani o‘zbekistonliklarga qanday naf keltiradi? Masalan, abonent tariflari arzonlashmadi.
Hozirgi sharoitda buni bekor qilinmagani maʼqul edi. Chunki “tizzasi” qaltirab turgan byudjetimizga moliyaviy manba kerak. Mobil aloqa uchun aksiz solig‘i tayyor manba edi.
Uyali aloqa xizmatiga aksiz solig‘i joriy qilish taklifini 2004-yilda asoslab berganman va 2007-yilda Moliya vazirligidan taklifni amaliyotda joriy qilish bo‘yicha dalolatnoma olganman. Bu taklifni nima uchun ilgari surganman? O‘sha paytlarda paxta yog‘i va xo‘jalik sovuniga aksiz solig‘i bor edi. Lekin bu mahsulotlar birlamchi ehtiyoj tovarlari bo‘lib, hech bir mezoniga ko‘ra aksizosti tovar hisoblanmaydi. Shu sabab o‘zimning soliq yukini adolatli taqsimlashga bag‘ishlangan magistrlik dissertatsiyamda paxta yog‘i va xo‘jalik sovuniga aksiz solig‘ini bekor qilib, o‘rniga inson uchun haqiqatda zararli bo‘lgan uyali aloqa xizmatiga aksiz kiritish taklifi bilan chiqqanman. Taklifim amaliyotga 15 yildan so‘ng — 2019-yilda tatbiq etildi. Mana oradan 5–6 yil o‘tib, bu soliq bekor bo‘ldi.
Mobil aloqa uchun aksizning bekor qilinishi iqtisodiyotga hech qanday foyda keltirmaydi. Uning evaziga o‘zbekistonliklar hech narsa olmaydi, masalan abonent tariflari arzonlashib qolmaydi. Tariflar arzonlashishi uchun sohada haqiqiy sog‘lom raqobat muhiti shakllanishi kerak. Bizdagi beshta aloqa operatori o‘ziga xos uyushgan monopoliya. Shuning uchun aksiz solig‘ini olib tashlagan bilan abonent tariflari qimmatlashsa, qimmatlashadiki, arzonlashmaydi.
Mantiqan olib qaraganda, uyali aloqa nurlantirish orqali inson sog‘lig‘iga zarar keltirgani uchun haqiqatdan ham uning isteʼmolini cheklash yoki hech bo‘lmaganda unga qo‘yilgan aksiz solig‘idan tushadigan mablag‘ni byudjet orqali jamiyatga qayta taqsimlash lozim.

Kafe/restoranlar, sayyohlik firmalari va mehmonxonalarga to‘lagan soliqlarining bir qismi keshbek sifatida qaytarilmoqda. Bunda soliq imtiyozi miqdori naqd pulsiz tushum qanchaligiga bog‘liq bo‘ladi. Sizningcha, mazkur chora qanday samara berishi mumkin?
O‘zbekistonda 2018-yilda yashirin iqtisodiyot borligi tan olingan. Go‘yoki, unga qarshi kurashish mexanizmlari ishlab chiqilyapti. Lekin yashirin iqtisodiyotni kamaytirish uchun haqiqiy taʼsirchan choralar qolib, mayda-chuyda ishlar bilan ovoramiz. Jumladan, mazkur keshbek tizimi ham taʼsirchan mexanizm emas.
Qo‘shilgan qiymat solig‘idan keshbek qaytarish 2024-yil 7-noyabrdagi hukumat qarorida belgilangan. Qaror nomlanishiga eʼtiboring bering: “Umumiy ovqatlanish, mehmonxona va turoperatorlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish va ularning qonuniy ishlashi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”. Nahotki, bizning sharoitda shu uch sohada band bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirishga hojat bo‘lsa? Mutlaqo yo‘q.
Lekin qaror nomining ikkinchi qismi haqiqatga yaqin. Chunki faoliyatning bu turlarida ko‘proq naqd bilan ishlanadi, soliqdan qochish imkoniyatlari katta. Demak, kiritilgan bu o‘zgarishlar ushbu soha vakillarini rag‘batlantirish emas, balki soyadan chiqarishni ko‘zlaydi.
Qarorda keltirilgan keshbek berish shartlariga eʼtibor qarating: umumiy ovqatlanish korxonalariga ular savdo tushumining naqd pulsiz qismi 60 foizdan ko‘p bo‘lganda byudjetga to‘langan QQSning 40 foizi, 60 foizdan kam bo‘lganda esa 20 foizi qaytarib beriladi. Demak, tushumning naqdsiz qismi ulushini aniqlash uchun naqd qismi ham kerak bo‘ladi. Bu naqd tushum NKT orqali kassada hisobga olingani, yaʼni soliq bazasiga kiritilganini bildiradi. Lekin maqsad naqd pulni yashirishga qarshi kurashish aslida. Bu maqsadga erishish uchun naqdsiz tushum ulushiga qarab emas, balki bankka topshirilgan naqd pulga to‘g‘ri keluvchi QQSni qaytarish lozim edi aslida.
Biroq, bu “manyovr”lar unchalik samarali hisoblanmaydi. Yashirin iqtisodiyotni cheklash uchun bundan ancha samarali va kerak bo‘lsa kafolatli yechimlar bor. Lekin ularni qo‘llash paysalga solib kelinmoqda.
O‘zbekistonda qaysi soliq imtiyozlari zararli deb o‘ylaysiz? Agar ular bugun bekor qilinsa, davlat va jamiyatga qanday foyda keltirishi mumkin?
Birinchi navbatda ayrim “erkatoy” biznesmenlarga berilgan, ularga monopol mavqe taqdim etib kelayotgan eksklyuziv soliq imtiyozlaridan voz kechish kerak. Ikkinchi navbatda, turli xil shubhali sxemalarga kirib olgan texnoparklar, maxsus iqtisodiy zonalar rezidentlari hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslardan imtiyozlarni olib tashlash zarur. Natijada adolat taʼminlanib, iqtisodiyotda sog‘lom raqobat muhiti yuzaga keladi. Bular iqtisodiy xarakterdagi imtiyozlar edi.
Endi ayrim, go‘yoki ijtimoiy xarakter kasb etuvchi, ammo aslida ijtimoiy adolatning birorta mezoniga javob bermaydigan imtiyozlarga to‘xtalsak.
Davlat unvonlari, mukofotlari va sovrinlari bilan taqdirlanganlar, xalqaro musaboqalarda sovrinli o‘rinlarni egallagan shaxslar daromad solig‘idan 100 foiz ozod. Ularga 200 ming dollar pul mukofoti, 300 ming dollarli kottejlar sovg‘a qilinyapti. Qimmat sovg‘alarni olgan shaxslar soliq to‘lasa nima qiladi?
Nega kirni tozalab yuradigan farrosh 1 million 155 ming so‘m oylik oladiyu, undan 12 foiz daromad solig‘i ushlab qolamiz. Yana korxonasiga ijtimoiy soliq to‘latamiz. Lekin milliardlab so‘m mukofot olayotgan, qimmatbaho sovg‘alar berilayotgan sportchilar 12 foiz soliq to‘lasa nima bo‘ladi? Bir qismini jamiyat manfaatlari uchun qayta taqsimlash mumkinku.
Chet elga ishlashga yuborilgan davlat xodimlariga xorij valyutasida to‘langan oyliklari soliqdan ozod etiladi. Nega bunday qilish kerak? Hech qaysi davlat bunday qilmaydi. O‘zi chet elga borish sharaf va rag‘bat aslida. Bizda aholi to‘lov qobiliyati pastligi uchun chet elga chiqish qimmat. Shundoq ham rag‘bat berilyaptiku, buning ustiga daromad solig‘idan ozod qilish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlaringizda O‘zbekiston soliq tizimi adolatli emas degan fikrni bildirgansiz. Buni nimaga asoslangan holda aytgansiz, izohlasangiz?
Soliq tizimida adolatning uchta mezoni bor. Avvalo, gorinzontal adolat taʼminlanishi zarur. Yaʼni davlat hammani soliqqa jalb qilinishi kerak, barcha hisobga olinishi lozim. O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushi yalpi ichki mahsulotning 50 foiziga teng. Demak, 50 foiz aholi va biznes soliqqa jalb qilinmagan. Norasmiy bandlik 60 foiz. Bundan anglash mumkinki, gorizontal adolat taʼminlanmayapti.
Ikkinchi mezon – vertikal adolat. Bunda kimdir boy, boshqalar o‘rtahol yoki kambag‘al. Soliq obyektlariga qarab vertikal adolat taʼminlanishi kerak. Boyroq odam ko‘proq, kambag‘al kamroq soliq to‘lashi kerak. Qashshoqlik chegarasidan past daromad oluvchilarga soliq solinmasligi zarur. Lekin bizning soliq tizimimiz ushbu mezonga ham javob bermaydi. Yuqorida imtiyozlarni sanadik, otni kallasiday yuqori daromad va mukofotlar oladiganlar soliqdan ozod, kambag‘allarga soliqdan nol foizli stavka yo‘q. Gorizontal adolat taʼminlanmaguncha vertikal adolatni taʼminlash imkonsiz.
Umuman olganda, soliq mexanizmining o‘zi adolatsiz. Farrosh ham 12 foiz daromad solig‘i to‘laydi, 100 million so‘m oylik oladigan vazir ham 12 foiz. Bir tanishim O‘zbekiston Qahramoni unvonini olgan. Uning uyi qasr, badavlat odam. Lekin yer va mol-mulk soliqlaridan ozod. Sal narida uyi vayrona, kambag‘al odam yashaydi. U yiqilayotgan kulbasi uchun yer va mol-mulk soliqlari to‘laydi. Demak, vertikal adolatni buzuvchi omillar ko‘p. Progressiv, yaʼni daromad va mulk ko‘paygani sari soliq miqdori oshib boradigan mexanizm yo‘q. Turli ijtimoiy adolatga zid imtiyozlar mavjudligi ham vertikal adolatni chippakka chiqaradi.
Uchinchi mezon — yukka mutanosib manfaat. Bunda davlat olayotgan solig‘iga yarasha jamiyatga manfaat berishi kerak. Xususan, infratuzilma, tibbiy xizmat, taʼlim, ekologiya va boshqa ehtiyojlar sifatli taʼminlanishi zarur. Mol-mulk va yer soliqlari to‘laysiz. Bu pullar siz yashab turgan hudud infratuzilmasi, sharoiti uchun sarflanishi kerak. Mahalliy soliqlar faqatgina hokimiyat zimmasida bo‘lgan hududlarning obodonlashtirish uchun ishlatilishi lozim. Lekin bizda ko‘p odamlar shunday soliq to‘laydi. Lekin u pul kerakli joyga ishlatilmaydi. Oqibatda aholi bu ishlarni o‘z cho‘ntagidan qiladi, o‘ziga o‘zi sharoit yaratadi. Unda nega soliq olinadi? Yukka mutanosib manfaat prinsipi ishlamadimi, unda manfaatga mutanosib yuk bo‘lishi kerak. Yaʼni nima berayotgan bo‘lsangiz, o‘shanga yarasha olishingiz kerak. Ko‘chani asfalt qila olmayapsanmi, lotok, svet bilan taʼminlay olmayapsanmi, demak soliqni ham olmaslik kerak yoki juda kam olishi kerak. Mamlakatda shu uchta prinsip ishlamagani uchun O‘zbekistonda soliq tizimi adolatsiz deb baralla aytganman.
Soliq tizimi aslida qanday bo‘lishi kerak, qaysi talablarga javob berishi zarur? Buni O‘zbekiston soliq tizimi bilan qiyoslab, tahlil qilib bersangiz?
Har qanday soliq tizimi beshta talabga javob berishi shart. Birinchi o‘rinda, tizim adolatli bo‘lishi kerak. Bu haqda to‘xtalib o‘tdik. Eng qizig‘i, adolatli soliq tizimi yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, boshqa prinsiplar ham ishlamaydi.
Ikkinchidan, soliq tizimi sodda va aniq bo‘lishi zarur. Mujmal, qiyin, ikki xil talqin qilinadigan emas. Bitta o‘qiganda hamma tushuna olishi kerak. Amaldagi Soliq kodeksi Rossiyaning MIFI instituti xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan. Ruslar yozib bergan. Kodeks rus tilida qabul qilingan. Originali ruschada. Kodeksni Lex.uz saytidan ochib ko‘rsangiz, o‘zbek tilidagi versiyasida haligacha xatolari turibdi. Masalan, yakka tartibdagi tadbirkorlik tushumi 100 million so‘mdan oshgan paytda soliqning oshgan qismidan aylanmadan soliqqa o‘tadi deyiladi. Soliqning oshgan qismidan nima degani? Tushumning oshgan qismidan deyish kerak. Bunaqa xatolari juda ko‘p. Ayrim shogirdlarim kodeksni o‘zbek tilidagisi bilan ishlab, xatolikka yo‘l qo‘yadi. Keyin men ularga ruschasini o‘qishini aytaman. Eng qizig‘i, ruschasida ham mujmalliklar bor. Demak, tizim ikkinchi muhim talabga javob bermaydi.

Uchinchidan, soliq tizimi davlat byudjetiga yetarli pulni taʼminlay olishi kerak. Bu yashirin iqtisodiyot bilan kurasha olishi zarur degani. 2018-yilda yashirin iqtisodiyot borligini tan oldik. Mana oradan necha yil o‘tdi? Ko‘p hujjatlar, xususan yangi kodeks qabul qildik. Lekin nega yashirin iqtisodiyotni bartaraf qila olmadik? Demak, bizdagi soliq qonunchiligi yashirin iqtisodiyot bilan kurashuvchanlik salohiyatiga ega emas. Shundan kelib chiqsak, byudjetga yetarliligi prinsipiga javob bermaydi.
To‘rtinchisi, moslashuvchanlik. Soliq qonunchiligi mustaqillikka erishganimizdan beri tinimsiz o‘zgarib keldi. Bu amaldagi kodeks to‘rtinchisi desak ham bo‘ladi. Hammasi yangidan qabul qilindi. Har safar o‘zgarish va qo‘shimchalarning dastidan ilma-teshib bo‘lib, yaroqsiz holga kelgach, uni o‘zgartiramiz. Har 10-yilda bir kodeks qabul qilyapmiz. Biror yil yo‘qki, biz soliq kodeksini o‘zgartirmagan. Nima uchun? Sababi soliq qonunchiligimiz fundamental talablarga javob bermaydigan tarzda ishlab chiqiladi. 2020-yilda yangi kodeks qabul qilib, uni o‘sha yilning o‘zidayoq o‘zgartirdik. Negaki, koronavirus boshlandi. Yangi kodeks epidemiya sharoitiga tayyor emas ekan. Lekin kishilik jamiyatida turli o‘lat va boshqa epidemiyalar bo‘lib kelgan. Nega kodeksda shu masala o‘z vaqtida inobatga olinmagan? Yaʼni moslashuvchanlik talabi ishlamaydi.
Oxirgi talab: soliq tizimi samarali ishlashi shart. Soliq qonunchiligi bir vaqtning o‘zida bir necha davlatlar maqsadlariga xizmat qila olishi kerak. Birinchisi, fiskal maqsad, yaʼni byudjetga pul tushirib berishi lozim. Ikkinchisi, ijtimoiy maqsad. Uchinchisi, iqtisodiy jarayonlarni tartibga sola olishi kerak. To‘rtinchisi, ekologik maqsad. Ekologiyaga soliqlar orqali foyda keltirishi lozim. Beshinchisi, xalqaro va oltinchisi, nazorat maqsadlaridir. Bir vaqtning o‘zida mazkur maqsadlarga to‘liq xizmat qila olsagina, u samarali soliq tizimi hisoblanadi. Hozirgi tizim fundamental talablarning birortasiga javob bera olmaydi.
Soliq kodeksi qabul qilinishi jarayonida ishtirok etganman. Vazirliklar majburlikdan, o‘lar kunidan olimlarni jarayonga jalb qildi. Ko‘p muhokamalar yuzaki bo‘ldi. Hujjat qabul qilinayotgan vaqtda men: “bu kodeks hali xom, qabul qilsanglar baribir o‘zgaradi”, deganman. Jarayonda xatoliklar ketayotganini ko‘rib turganman. Lekin to‘xtatib bo‘lmadi. Shunday bosim bilan ketaverdi. Loyihalarni boshqarish milliy agentligi kodeks loyihasini qo‘liga oldi. Keyin Moliya vazirligiga o‘tib, vazirlik loyihani Rossiya moliya vazirligining instituti xodimlari bilan davom ettirdi.
Taqdir taqozosi bilan Moliya vazirligida ham ishladim. O‘shanda stolimda har biri 150 betli hisobotlar turgandi. Rahbarim shu hisobotlarni o‘qib, bir yarim sahifali tezis yozib berishimni topshirdi. Qarasam, 2018-2019-yillardagi hisobotlar ekan. Men esa 2020-yilda ishga borganman. “Hujjatda yozilganlari o‘tib ketgan jarayonlarku, shu paytgacha o‘qilmaganmi”, deb so‘radim. U odam: “kim o‘qiydi shuncha narsani. Bir yarim bet qilib bersangiz o‘qishadi”, deb javob bergan. Xulosa chiqardimki, o‘sha Soliq kodeksi bo‘yicha rus tomoni yuborgan hisobotlar o‘qilmagan, o‘rganilmagan va tekshirilmagan. Bizning milliy manfaatlarimiz, O‘zbekiston iqtisodiyotiga, milliy mentalitetimizga mos yoki yo‘qligi ekspertiza qilinmagan. Uni o‘qish uchun mutaxassis ham bo‘lmagan.
Soliq kodeksimiz Rossiya soliq kodeksining “kopiya”si asosida, O‘zbekistonga biroz moslashtirib tayyorlangan. Rossiya soliq kodeksi 2004-yillarda yozilgan. Oradan o‘tgan vaqtni, yaʼni iqtisodiyotning zamonaviylashuvi, raqamlashini hisobga olgan holda yozilgan. Lekin u qabul qilinganidan beri tinmay o‘zgaradi. Hozir ham ko‘ryapmanki, ko‘p normalari hali ham ishlamaydi.
Islombek Umaraliyev suhbatlashdi
Izoh (0)