Toshkent viloyati Olmaliq shahrida qiz 16-qavatdan o‘zini tashlab joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura “Daryo”ga yangi tafsilotlarni ochiqladi.
Unga ko‘ra, Olmaliq shahar, “Uvaysiy” MFY hududida joylashgan Ulug‘bek ko‘chasi 45-uyning 16-qavatidan yoshi taxminan 20-22 yoshlardagi ayol kishi o‘zini tashlab, o‘z joniga qasd qilgan. Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda ushbu uyning tom qismiga chiqish temir eshigining qulfi buzilgan holatda ekani aniqlandi.
Murdadan olingan barmoq izlari viloyat IIBB mavjud elektron tizim bilan solishtirilganda, barmoq izlari Olmaliq shahrida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan Turg‘unboyeva Gulnoza Rustam qiziga tegishli ekani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Fuqaro G.Turg‘unboyevaning o‘z joniga qasd qilish sabablarini aniqlash maqsadida Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Joniga qasd qilgan qizlar
Avvalroq Toshkent shahar Yangihayot tumanida 17 yoshli qiz o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar qilingandi. 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz (Turkiya fuqarosi) noma’lum sabablarga ko‘ra, 6-qavatdan o‘zini tashlagan. Olgan tan jarohatlari oqibatida u shifoxonada vafot etgan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida 16 yoshli qiz o‘zini osib qo‘ygandi. Marhumaning yaqin qarindoshlari so‘nggi vaqtlarda uning ruhiyati buzilib qolgani, o‘z joniga qasd qilishida hech kimning aybi yo‘qligini izohlab, tushuntirish bergan.
Bundan tashqari, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida 18 yoshli qiz yuqori qavatdan o‘zini tashlab, joniga qasd qilgan. Voqea guvohi bo‘lgan ayolning so‘zlariga ko‘ra, marhuma o‘zini tashlashidan oldin ushbu uylar atrofiga bir necha marotaba kelib ketgan.
Izoh (0)