Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Fransiyaning Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi hududiy direktori Orxan Shirinni hamda kompaniyaning mahalliy hamkorlarini qabul qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuvda Farg‘ona viloyati hududida arqon yo‘l va osma ko‘priklarni o‘z ichiga olgan ommaviy turizm maskani barpo etish loyihasi muhokama qilingan.
Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi Farg‘ona viloyatida ham ommaviy turizm maskani tashkil etishni rejalashtirayotganini maʼlum qilgan Orxan Shirin, arqon yo‘l va osma ko‘prikning barpo etilishi o‘z-o‘zidan ushbu hududga boshqa investorlarni ham keng jalb etishi hamda boshqa turistik xizmatlarning shakllanishiga olib kelishini qayd etgan.
Viloyat hokimining taklifi bilan ushbu turistik maskanni Shohimardon qishlog‘ida tashkil etish ustida ish boshlashga kelishib olingan.
Dastlabki bosqichda bosh-reja ishlab chiqiladi. So‘nggi tasdiqlangan bosh reja asosida loyihani amalga oshirish uchun Yevropa banklarining imtiyozli kredit mablag‘larini jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi.
Izoh (0)