Joriy yil 28-may kuni Moskva viloyatidagi “Yangi Quddus” muzeyi O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda “Olamlar orasidagi nur” ko‘rgazma loyihasini taqdim etdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Ekspozitsiyadan 1920–1930-yillardagi sovet, o‘zbek va rus modernizmiga oid suratlar o‘rin olgan. Ko‘rgazma 40 nafar rassomning 160 dan ortiq rangtasvir va grafik asarlarini qamrab olgan.

Ular orasida mashhur ijodkorlar Aleksandr Volkov, Solomon Nikritin, Aleksandr Shevchenko, Kliment Redko va boshqalar bor.

Ko‘rgazma g‘oyasi XX asrdagi ikkita yirik sanʼat muzey kolleksiyalarining uchrashuvi sifatida rejalashtirilgan.

“Bunday ko‘rgazmalar ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarni kuchaytirishda katta xizmat qiladi. Ekspozitsiyaga Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanʼat muzeyidan 80 ta asar olib kelingan. Bundan tashqari, “Yangi Quddus” muzeyida saqlanayotgan 90 ta surat jamlangan. Asarlarning aksariyat qismi ommaga birinchi marta namoyish etilmoqda. Shunisi ham eʼtiborliki, ularni o‘z davrida eʼlon qilish imkoni bo‘lmagan. Rossiya va O‘zbekistondagi ikki muzeyda saqlanayotgan hamda bugun ko‘rgazmaga qo‘yilgan asarlar bir davr va yo‘nalishda yaratilgan. Shu sabab ular bir-birini to‘ldirib turadi. Mazkur suratlar tarixiyligi va dolzarb mavzular tasvirlangani uchun ham bugun aktual”, deydi Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov.

Ko‘rgazma 30-maydan 8-noyabrgacha davom etadi.
Izoh (0)