Buyuk Britaniyada 26-may kuni avtomobil “Liverpul” futbol klubi muxlislari ustiga haydaldi. Olomon jamoaning Angliya Premyer Ligasidagi g‘alabasini nishonlayotgan edi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Hodisa oqibatida 50 ga yaqin odam turli darajada tan jarohati olgan. Ular orasida 4 nafar bola ham bor.
Politsiya voqeada gumonlangan 53 yoshli britaniyalik haydovchini qo‘lga olgan. Hammasi bo‘lib 27 kishi shifoxonaga yetkazilgan. Ularning ikki nafari — bir bola va bir katta yoshli shaxs juda og‘ir ahvolda.
Mersisayd yong‘in-qutqaruv xizmati bosh o‘t o‘chiruvchisi Nik Serlning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil ostidan to‘rt kishi — uch nafar katta yoshli va bir bola chiqarib olingan. Yana 20 kishi voqea joyida yengil jarohatlar olgan. Hodisa terrorchilik harakati sifatida baholanmagan.
“Liverpuldagi bu voqea juda dahshatli. Barcha jabrlanganlarga hamdardlik bildiraman. Ushbu hodisada tezkor harakat qilgani uchun politsiya va favqulodda xizmat xodimlaridan minnatdorman”, dedi Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer.
Izoh (0)