Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Afg‘onistonga har yili o‘rtacha 500 million dollar daromad keltiradi. Bu haqda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha afg‘on eksperti Najibulla Sadid Tolonews’ga bergan izohida ma’lum qildi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu kanal qurilishi tugallanishi bilan Afg‘oniston bug‘doy yetishtirish bo‘yicha o‘z-o‘zini ta’minlashga erishadi, mamlakat iqtisodiyotida esa sezilarli yutuqlarga erishiladi.
“Qo‘shtepa va uning barcha yordamchi kanallari qurib bitkazilgach, Afg‘onistonga yillik 470-550 million dollar daromad olib kelishi kutilmoqda”, — deydi Sadid.
Afg‘oniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi Qo‘shtepa kanalining suv olish inshooti qurilishi 50 foizga, ikkinchi bosqichdagi qazish ishlari esa 30 foizga oshganini ma’lum qildi. Yil oxirigacha Faryob viloyatining Andxoy tumaniga yetib borishi kutilayotgan kanalning ikkinchi bosqichi uchun qazish ishlari qiymati 20 milliard afg‘oniga (283 million dollardan ortiq) baholanmoqda.
Qo‘shtepa kanali loyihasi uzoq muddatli loyiha. Biz uning taʼsirini qisqa muddatda ko‘ra olmaymiz. Ammo loyiha tegishli boshqaruv uslublari asosida amalga oshsa, u Afg‘oniston iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkazishi mumkin”, — deydi iqtisodchi ekspert Shokir Yoqubiy.
“Tolibon”ning yirik loyihasi va xavflar
Qo‘shtepa kanali loyihasi Amudaryoning suv resurslarini boshqarish sohasidagi yirik loyihalardan biridir, u hozirda Afg‘oniston shimolida amalga oshirilmoqda. Kanalning birinchi bosqichi ishga tushirilgan, ammo Markaziy Osiyo davlatlari bu loyihadan xavotirda.
The Economist prognoziga ko‘ra, agar kanal qurib bitkazilsa, mintaqaviy mojaroning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Kanal Amudaryo suvini O‘zbekiston bilan chegaraga yo‘naltiradi. Afg‘oniston elektr energiyasining katta qismini O‘zbekistondan import qilishi hisobga olinsa, “Tolibon” qo‘shni respublikaga qarshi chiqolmasligi mumkin.
“Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonni 15 foiz suv yo‘qotishiga sabab bo‘lmoqda, agar kanal qurilishi ortidan yana 10 foiz yo‘qotsa, O‘zbekiston 25 foiz suv yo‘qotishi mumkin”, — deyiladi yana bir prognozda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Tolibon” tomonidan Qo‘shtepa kanali qurilishi Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini o‘zgartirishini aytgandi. “Tolibon” esa O‘zbekiston Qo‘shtepa kanalidan zarar ko‘rmasligiga va’da bergan.
Izoh (0)