Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-oktyabr kuni mahalliylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Iqtisodiyotni harakatlantiruvchi bu yo‘nalishlarda katta ishlar amalga oshirilmoqda. So‘nggi yetti yilda mamlakatga 78 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar kelgan. Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha qonun qabul qilinib, mingdan ziyod loyihalar boshlangan. 1 ming 800 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Shu bilan birga, hali salohiyat katta. Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishlarning har biri tahlil qilinib, qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda barcha tarmoqlarda 140 milliard dollarlik 366 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Investitsiya loyihalari doirasida yiliga 15 milliard dollarlik uskuna, xomashyo va qurilish materiallari olib kelinmoqda. Shularning har birida mahalliy ulushni ko‘paytirish mumkinligi taʼkidlandi.
Mamlakatdagi yirik tarmoqlarda ham shunday imkoniyatlar bor. Masalan, energetika tarmog‘ini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, 36 milliard dollarlik 164 ta quvvat yaratiladi. Shundan 88 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi.
Tog‘-kon sanoati bo‘yicha ham 1 milliard 230 million dollarlik dastur qabul qilingan. Sohadagi yirik kombinatlarga mahalliy korxonalar o‘zaro manfaatli bog‘langan.
Avtosanoatda ham ushbu yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Birgina qo‘shni davlatlarda avtomobil ehtiyot qismlariga yillik talab 1 milliard dollarni tashkil qiladi.
Mahalliylashtirish jarayonida narx bo‘yicha ham, sifat bo‘yicha ham raqobatdosh mahsulot chiqarib, eksportni ko‘paytirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyihalar shakllantirib, imkoniyatlarni natijaga aylantirish zarurligi taʼkidlandi. Sanoat tarmoqlari bilan hududlar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish, davlat xaridlarida mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yaqinda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 30 milliard dollarlik investitsiya loyihalari tasdiqlandi. Bunda har bir sohaning imkoniyatlari ochib berilgan. Jumladan, transport bo‘yicha 10 milliard dollar, ijtimoiy sohalarda 6 milliard dollar, kommunal tarmoqda 5 milliard dollarlik rejalar ko‘zda tutilgan.
Bu loyihalarga investorlarni jalb qilish, mablag‘larni samarali yo‘naltirish vazifalari qayd etildi.
Yig‘ilishda xorijiy investitsiyalar oqimi va kelgusi rejalar ham ko‘rib chiqildi.
2024-yilning to‘qqiz oyida 23 milliard 660 million dollar xorijiy sarmoya kirib kelgan. Shuningdek, 4 milliard 600 million dollarlik 120 ta yirik quvvat ishga tushgan.
Yil yakunigacha bu surʼat davom etadi. Shu tariqa, 2017—2024-yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 100 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda mutasaddilar belgilangan vazifalarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.
Izoh (0)