Toshkentda YPXdan qochib, bir necha avtomobillarga shikast yetkazgan Gentra’da bo‘lganlarning 3 nafari 7 sutkaga qamalgani xabar qilingandi. Poytaxt IIBB holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

19-aprel kuni fuqaro J.O. otasi nomida bo‘lgan Gentra’ni (davlat raqami yechilgan) tanishi, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan ayol — S.P.ga boshqarish uchun berib, o‘zi avtomashinaning oldi yo‘lovchi o‘rindig‘ida kelgan, orqa o‘rindig‘ida uch nafar ularning tanishlari P.G., Q.D., R.B. bo‘lgan.
Ular Chilonzor tumani THAY—Chorbog‘ ko‘chasida tartibsiz harakatlanib, dastlab Damas’ni urib yuborib, shikast yetkazgan. Shunda ushbu yo‘nalishda xizmat olib borayotgan YHXB xodimlari ularga to‘xtash buyrug‘ini bergan bo‘lsa-da, S.P. bunga bo‘ysunmasdan, J.O.ning ko‘rsatmasi bo‘yicha harakatni davom ettirgan.
Oqibatda u Cobalt va 2 ta Gentra avtomobillari bilan to‘qnashuv sodir qilib, haydovchilarga tan jarohati va avtomashinalarga shikast yetkazgan. So‘ng Matiz rusumli avtomashina (jami 5 ta avtomashina) bilan to‘qnashuv sodir qilib, boshqaruvni to‘xtatgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda fuqarolar S.P. va J.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b” bandi (o‘zganing mulkiga shikast yetkazish) va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

O‘z navbatida, avtomobilning orqa o‘rindig‘ida kelgan fuqarolar P.G., Q.D., R.B. jamoat joyida mayda bezorilik va ichki ishlar organlarining qonuniy talablarini bajarmagani hamda harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani sababli ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik) va 194-moddalari (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosida 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Izoh (0)