Ijtimoiy tarmoqlarda Karmana tumanidagi Mirzachorbog‘ saroyi madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da, hali ham qarovsiz qolayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat Madaniy meros agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda ushbu obyektda ta’mirlash-tiklash ishlari uchun ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartibda moliyalashtirilib, Madaniy meros agentligi huzuridagi “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi” direksiya markazi hamda pudratchi tashkilot o‘rtasida shartnomalar tuzilib, ta’mirlash ishlari loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.
Yodgorlikning murakkablik darajasi hamda uning ko‘lamini inobatga olgan holda mazkur obyektni topshirish ishlari 2025-yilning IV-choragiga rejalashtirilgan.
“Madaniy meros agentligi bu kabi holatlarga keng jamoatchilikning befarq emasligi hamda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashga o‘z hissalarini qo‘shayotganliklari uchun o‘z minnatdorchiligini izhor etadi”, — deyiladi munosabatda.
Buxoro amirlaridan biri Sayid Abdulahadxonning yozgi qarorgohi “Mirzachorbog‘” Navoiy viloyati Karmana tumani “Ko‘hnaqo‘rg‘on” MFY hududida joylashgan. Maskan Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan 1900–1905-yillarda barpo etilgan. Madaniy meros obyekti ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan, shu sababli ham Madaniyat vazirligi tomonidan 2020-yilda madaniy meros obyektlarni ta’mirlash-tiklash dasturiga kiritilgan edi. 2021-yilning avgustida rasmiylar ushbu obyekt restavratsiya uchun budjetdan 3,1 milliard so‘m ajratilganini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)